20:39 / 17.07.2020
20242
Budjet mablag‘lari sarflanishida qonunbuzilish holatlari keskin ko‘paygani ma'lum bo‘ldi

Davlat moliyaviy nazorati departamenti 2020 yilning 1-yarim yilligida 2584ta moliyaviy nazorat tadbirlarini o‘tkazdi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.

Moliyaviy nazorat tadbirlarining asosiy qismi – 2010tasi (79 foizi) budjet mablag‘larini maqsadli ishlatilishi yuzasidan o‘tkazilgan bo‘lib, nazorat tadbirlarida 81,7 mlrd so‘m miqdorida budjet intizomini buzish, pul va tovar moddiy boyliklar kamomadi kabi holatlar aniqlangan.

Nazorat tadbirlari davomida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida noqonuniy sarflangan mablag‘larning 57,4 mlrd so‘mi (70 foizi) tegishli budjetlarga tiklanishi ta'minlangan.

Hisobot davrida aniqlangan qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklarning tahlili vazirliklar bo‘yicha quyidagilarni tashkil etgan:

  • Xalq ta'limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 297 ta nazorat tadbirlarining 235 tasida 21,5 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilning mos davriga (9 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 2,5 martaga oshgan.
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 285 ta nazorat tadbirlarining 205 tasida 14,1 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilning mos davriga (6,1 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 2,3 martaga oshgan.
  • Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimida o‘tkazilgan 151 ta nazorat tadbirlarining 119 tasida 6,9 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilning mos davriga (4,3 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 1,4 martaga oshgan.
  • Madaniyat vazirligi tizimida o‘tkazilgan 170 ta nazorat tadbirlarining 162 tasida 2,6 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilning mos davriga (1,4 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari qariyb 2 martaga oshgan.
  • Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimida o‘tkazilgan 168 ta nazorat tadbirlarining 154 tasida 2 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilning mos davriga (0,5 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 3,4 martaga oshgan.
  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 33 ta nazorat tadbirlarining 29 tasida 1,4 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 18 ta nazorat tadbirlarining 15 tasida 0,9 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilning mos davriga (0,4 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 2 martaga oshgan.
  • Bundan tashqari, hokimliklar huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyalarida o‘tkazilgan 85 ta nazorat tadbirlarining 78 tasida 4 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlanib, 2019 yilning mos davriga (2,8 mlrd so‘m) nisbatan qonunbuzilish holatlari 1,4 martaga oshgan.

Shuningdek, yirik miqdorda qonunbuzilish holatlari Andijon (8,9 mlrd so‘m), Qashqadaryo (8,2 mlrd so‘m), Toshkent (6,2 mlrd so‘m), Jizzax (5,5 mlrd so‘m), Surxondaryo (5,4 mlrd so‘m), Namangan (4,6 mlrd so‘m), Farg‘ona (4,4 mlrd so‘m) viloyatlari hamda Toshkent shahri (7,9 mlrd so‘m) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (5,5 mlrd so‘m)dagi budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarda aniqlangan.

Budjet qonunchiligi buzilgan budjetdan mablag‘ oluvchi tashkilotlarning 47 nafar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari o‘rnatilgan tartibda 35 mln.so‘m miqdorida jarima tortilgan.

Shuningdek, 1 246 ta nazorat tadbirlarida aniqlangan 79,4 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari qonuniy choralar ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.

Top