18:15 / 17.07.2020
9091
OTB vitse-prezidenti O‘zbekistonga berilgan 500 mln dollar qarz yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot berdi

7 iyul kuni O‘zbekiston hukumati va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 500 mln dollarlik imtiyozli kredit bo‘yicha bitim imzolandi. Qarz mablag‘lari koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta'sirini kamaytirishga yo‘naltiriladi.

Shu munosabat bilan Osiyo taraqqiyot banki vitse-prezidenti Shixin Chen bu boradagi qator savollarga savob berdi. Bu haqda Kun.uz`ga OTBning Toshkentdagi vakolatxonasi xabar berdi.

Ma'lumot uchun, OTB aprel oyida pandemiyaga qarshi chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun 20 mlrd dollar miqdoridagi moliyaviy yordam dasturini tasdiqlagan. Ushbu dastur rivojlanayotgan davlatlarga COVID-19 pandemiyasini jilovlab, uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini yumshatishga yordam beradi. O‘zbekistonga ajratilgan 500 mln dollar qarz ham mazkur dasturning bir qismi sanaladi.

– O‘zbekistonga ushbu yordamning asosiy yo‘nalishlari haqida gapirib bersangiz.

– Asosiy maqsad – O‘zbekiston hukumatiga COVID-19 pandemiyasining noxush tibbiy, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarini o‘z vaqtida va samarali yumshatish uchun budjetni qo‘llab-quvvatlashda yordam ko‘rsatish.

Mazkur dastur orqali O‘zbekiston hukumatiga sog‘liqni saqlash tizimining salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha inqirozga qarshi chora-tadbirlarini moliyalashtirish, ishchi o‘rinlarini iloji boricha saqlab qolish uchun biznesni barqarorlashtirish hamda daromadi past oila va aholining zaif guruhlarini qo‘llab-quvvatlash uchun amaldagi ijtimoiy himoya tizimini kengaytirishda yordam ko‘rsatiladi.

– OTB sog‘liqni saqlash sohasini qanday qo‘llab-quvvatlashi haqida to‘liqroq ma'lumot bera olasizmi?

– OTB ko‘rsatadigan yordam tufayli hukumat COVID-19ga qarshi kurash uchun qo‘shimcha shifoxona, tashxis-laboratoriya va karantin xonalarini tayyorlashga erishadi. Shuningdek, tibbiyot buyumlari, o‘pkani sun'iy ventilyatsiya qilish, test o‘tkazish hamda tegishli o‘lchamdagi va ayol tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalarini sotib olish bo‘yicha yordam ham ko‘zda tutilgan.

Hukumat rejasiga xatarli sharoitlarda hamda COVID-19dan jabrlanganlar bilan ishlagani uchun qo‘shimcha to‘lov sifatida sog‘liqni saqlash xodimlarning ish haqiga ustamalar to‘lash ham kiradi.

– Ijtimoiy himoya sohasida jiddiy qiyinchiliklar yuz bermoqda. OTB mazkur masalani hal qilish bo‘yicha hukumatga qanday ko‘mak ko‘rsatishi haqida to‘xtalsangiz.

– Ijtimoiy himoya – pandemiyaga qarshi kurash jarayonida murakkab vazifa. Jahon bankining taxminlariga ko‘ra, pandemiya sababli yuzaga kelgan ishsizlik tufayli O‘zbekistonda yana 448 000 kishi qashshoqlikka uchraydi. Joriy yilda pul o‘tkazmalarning 40 foizga qisqarishi mamlakatdagi qashshoqlikni yanada oshiradi. Salomatlik bilan bog‘liq xatarlar ham aholining qashshoqlanishiga olib keladi.

OTBning yordami tufayli daromadi past oila va aholining zaif guruhlari uchun hukumatning ijtimoiy himoya tizimi qo‘llab-quvvatlanadi hamda mazkur choralarni kengaytirishga erishiladi.

Daromadi past yana 250 000ta oilaga ijtimoiy yordam va hukumatdan bolalarni parvarishlash uchun moddiy yordam ko‘rsatiladi. Bu holda yordam birinchi navbatda yolg‘iz ona, ajrashgan ayol va bevalarga ko‘rsatiladi.

2020 yilda O‘zbekistonda ijtimoiy yordam oladigan oilalar soni 843 000ni tashkil qilishi kutilyapti. Bu esa aholisi 33,9 mln kishini tashkil qiladigan davlat uchun sezilarli qamrov.

Bundan tashqari, 100 foiz o‘rta oylik ish haqini qoplaydigan vaqtinchalik ishsizlik bo‘yicha nafaqalar karantinda bo‘lgan ota-ona va farzandlarini parvarish qilayotgan shaxslarga berildi. Hukumat 1,04 million nafar maktab o‘qituvchilariga ish haqini to‘lashda davom etdi. Bu o‘qituvchilarning 70%ni ayollar tashkil qiladi.

– OTBning yordami tufayli O‘zbekistonda ishsizlik darajasaning pasayishi va yangi ish o‘rinlarini tashkil qilinishiga qanday erishiladi?

– Pandemiyaning salbiy ta'siri sababli, ishsizlik O‘zbekistonda jiddiy muammoga aylandi. 2019 yilda 9,4 foizga teng bo‘lgan ishsizlik darajasi joriy yilda 16,5 foizga o‘sishi taxmin qilinmoqda.

O‘zbekistonning o‘sib kelayotgan va diversifikatsiyalangan iqtisodiyotining negizini tashkil qilayotgan kichik va o‘rta korxonalar 2019 yilda mamlakatdagi rasmiy va norasmiy ish o‘rinlarining 78 foizini va ishlab chiqarishdagi umumiy ulushning 57 foizini ta'minlagan.

OTBning yordami tufayli iqtisodiyotni barqarorlashtirish bo‘yicha hukumat tomonidan ko‘riladigan moliyaviy choralar qo‘llab-quvvatlanib kelmoqda. Soliq yukini kamaytirish, pandemiyaga duch kelgan KO‘K (kichik va o‘rta korxonalar) tomonidan soliq va qarzlarni to‘lash bo‘yicha to‘lov muddatlarini kechiktirish, kredit kafolatlarini berish uchun tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi uchun qo‘shimcha sarmoya, birinchi navbatda daromadi past oila a'zolari uchun ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha hududlar kesimida katta bo‘lmagan jamoat ishlari shular jumlasidan.

Banklar ham aylanma sarmoyani to‘ldirishda yordam berish uchun KO‘Kga kredit liniyalarini kengaytirdi.

– KO‘K (kichik va o‘rta korxonalar) haqida aytib o‘tdingiz. OTB tomonidan xususiy tarmoq, shu jumladan KO‘Klarga ko‘rsatilayotgan yordam haqida ma'lumot bersangiz.

– OTB O‘zbekistonda xususiy tarmoqning rivojlanishini xamisha qo‘llab-quvvatlamoqda. OTB mamlakatdagi ishbilarmonlik iqlimi yaxshilanishiga guvoh bo‘lmoqda. So‘nggi o‘n yillik davomida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishildi. Biznes yuritishning osonligi bo‘yicha mamlakat reytingi 2010 yilda 183 davlat orasida 150-o‘rindan 2020 yilda 190 davlat orasida 69-o‘ringacha ko‘tarildi.

Shuningdek, biznes ochish yo‘l-yo‘riqlari va soliq to‘lashni soddalashtirish, milliy ozchilikni tashkil qiluvchi investorlarni himoya qilish va shartnomalarni bajarishda o‘sishga erishilgani e'tirof etildi.

Bundan tashqari, KO‘Klarni qo‘llab-quvvatlashda OTBning ishtiroki haqida aytib o‘tish joiz. OTB tomonidan taqdim qilingan bir nechta loyiha tufayli KO‘Klarning moliya mablag‘laridan foydalanishiga osonlik yaratildi hamda banklarning kredit xatarlari bo‘yicha va korporativ boshqaruvdagi salohiyati ta'minlandi. Hozirgi vaqtda KO‘Klar uchun me'yoriy, muassasa va moliyaviy ekotizimni mustahkamlash bo‘yicha yangi dastur ustida ishlar olib boryapmiz.

Xususiy soha oldida turgan yana bir muhim chaqiriq – malakali ishchi kuchining yetishmovchiligi. OTB hukumat bilan xodimlarni tayyorlashda va ularning malakali ko‘nikmalarini rivojlantirish ustida ishlar olib bordi. Hozirgi kunda O‘zbekistonda kasbiy-texnikaviy o‘qitish muassasalarini mustahkamlash hamda bozor talablariga binoan ulardagi o‘quv dasturlari bo‘yicha yangi loyihani ishlab chiqish arafasidamiz.

Eslatib o‘tamiz, 500 mln dollar miqdoridagi qarz mablag‘lari 15 yil muddatga (shundan 3 yil imtiyozli davr), libor (6 oylik, bugungi kunda – 0,4%) + spred (0,5%) yillik foiz stavkasida ajratilmoqda.

Top