21:54 / 17.07.2020
10467
Sobyanin moskvaliklarning 60 foizida koronavirusga immunitet paydo bo‘lganini aytdi

Moskva meri Sergey Sobyanin shaharliklarning 60 foizida koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lgani haqida bayonot berdi.

Foto: TASS

«Moskvada ham, Nyu-Yorkda ham aholining taxminan 60 foizida koronavirusga jamoaviy immunitet hosil bo‘ldi», — deb uning so‘zlarini keltirmoqda RIA Novosti.

Bir kun oldin Sobyanin «Komsomolskaya pravda» radiosiga bergan intervyuda Moskvada o‘tkazilgan ommaviy test natijalariga ko‘ra, «shaharliklarning 20 foizi koronavirusga qarshi antitanalarga ega ekanini, olimlar fikriga ko‘ra esa bu qiymat yanada yuqori bo‘lib, 60 foiz ekanini» aytgan edi.

Shuningdek u odamlarda retseptorlar darajasida T-hujayrali immunitet ham shakllanganini, ular virusni tanib, unga qarshi kurashayotganini tushuntirdi.

«Ya'ni ko‘pchilik moskvaliklarning vujudi koronavirus nima ekanini yaxshi biladi va unga qarshilik qila oladi», — dedi Sobyanin.

Moskvaliklarning koronavirusga qarshi antitana hosil qilinishini aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan test natijalari so‘nggi marta 10 iyul kuni e'lon qilindi. Mosgorzdrav ma'lumotiga ko‘ra, shaharliklarning 21,7 foizida immunitet shakllangan. Bu raqam 90 mingdan ortiq odamdan olingan test natijalariga asoslangan. Bunda Mosgorzdrav immunizatsiya tezligi «pasayib borayotgani»ni ham ta'kidladi. «Bu holat tabiiy, chunki moskvaliklar orasida kasallanish darajasi ham pasaymoqda», deb tushuntirdi muassasa.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top