22:06 / 17.07.2020
97501

«Statistikaga ishonmang, o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang!» - rejissyor otasi koronavirusdan vafot etganini ma'lum qildi

Rejissyor Sarvar Karimovning otasi 63 yoshida koronavirus infeksiyasidan vafot etgan, u so‘nggi hafta davomida uyda og‘ir ahvolda qolgan otasi uchun «Tez yordam» chaqira olmagan.

«Sehrli qalpoqcha», «Sarviqomat dilbarim» filmlari muallifi, rejissyor Sarvar Karimov tvitterdagi sahifasida otasi koronavirusga chalingach uyda davolanishga majbur bo‘lgani, bir hafta davomida unga «Tez yordam» chaqirib bera olmagani, 17 iyul kuni esa vafot etgani haqida yozdi. Bu o‘lim holati Sog‘liqni saqlash vazirligi statistikasida qayd etilmagan - bemorga koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilmagandi.

Uning ma'lum qilishicha, o‘zi va oila a'zolari ham Covid-19’ga chalingan hamda hozirda uyda davolanmoqda.

"Bugun dadam qazo qildilar. Koronavirusdan. Lekin tashxis qo‘yilmadi. Bir hafta uyda davoladik. 103 ga telefon qilsak, bemorning isitmasi bo‘lsa, kelolmaymiz deyishdi. Ularni ham tushunaman, na dorisi bor, na himoya vositasi.

Rasmiy statistikaga ishonmang, o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang!

Davlatga ishonmang. Rasmiylarning barcha gapi yolg‘on. Ishonch raqamlariga telefon qilib tushib bo‘lmaydi, tushsangiz ham boshqa nomerni berib yuboradi. Biz dadamizga bir hafta tez yordam chaqirolmadik. Axiri o‘pkalariga o‘tib ketib, jonlari uzildi. 63 yoshda edilar. 10 kun avval soppa-sog‘ edilar.

Bu gaplarni yozishimdan maqsad — davlat yordamidan umidingizni uzing. Ko‘chaga chiqmang, ayniqsa kattalarni ehtiyot qiling!

Hozir butun oilamiz COVID-19’ga chalingan (rasmiy). O‘zimizni o‘zimiz davolayapmiz, chunki boshqa iloj yo‘q. Duo qilinglar, tuzalib ketaylik. Alloh shifo bersin hammamizga".

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top