14:59 / 17.07.2020
21991

Tojikistonda 17 avgustdan maktablar ochilishi kutilmoqda

Tojikiston maktablarni ochishga tayyorlanmoqda. Yangi o‘quv mavsumi ikki hafta oldin boshlanadi. Epidemiologik vaziyat yomonlashsa, zaxira varianti sifatida teledarslar rejasi tayyorlangan.

Foto: reachtheworld.org

Tojikistonda 17 avgustdan maktablar ochiladi. Bu haqda mamlakat ta'lim vaziri maxsus tashkil etilgan matbuot anjumanida aytgan.

Tojikiston ta'lim vaziri Mahmadyusuf Imomovning aytishicha, bu qaror koronavirusga qarshi kurashish respublika shtabi bilan bamaslahat qabul qilingan. Ma'lum bo‘lishicha, o‘quvchilar belgilangan grafikdan qolib ketgani uchun o‘quv mavsumi ikki hafta oldin boshlanadi. Dastlabki ikki haftada o‘tgan yildagi darslar takrorlanadi.

Vazir matbuot anjumanida Tojikistonda epidemiologik vaziyat murakkablashsa, maktablar onlayn rejimga o‘tkazilishini aytdi. Mamlakatning barcha qismida internet xizmatlari ko‘ngildagidek bo‘lmagani sabab darslar televideniye orqali ham efirga uzatiladi. Televideniye orqali dars o‘tish zaxira varianti bo‘lsa-da, yil davomida teledarslar o‘tish rejasi ishlab chiqib bo‘lingan.

Ta'lim vazirligi telekanallar va Youtube tarmog‘ida maktab ta'limiga oid videolar berib boradi. O‘quvchilar darslarni aynan telekanallar va Youtube'da takroran tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi. Youtube'da «Sanduqchai zulbiyo» multfilmi berib boriladi.

Oldinroq mamlakat prezidenti Imomali Rahmon barchani koronavirus infeksiyasining ikkinchi to‘lqiniga tayyorlanishga chaqirgan, shuningdek, mamlakatning Qirg‘iziston bilan chegarasida nazorat kuchaytirilgandi. Tojikistondagi kasalxonalarda tibbiy vositalar yetishmayotgani aytilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top