08:39 / 18.07.2020
20705
«41ta holatda qurilish obektlari tendersiz berib yuborilgan» - Xorazmda mansabdorlarga nisbatan jinoiy ish ochildi

Xorazm viloyati «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mansabdorlari 2,7 milliard so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ayblanmoqda.

Illyustrativ foto /OC Media

Bosh prokuratura matbuot xizmati mahkama huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti tomonidan so‘nggi kunlarda aniqlangan jinoyatlar haqida Kun.uz`ga ma'lumot berdi.

Unga ko‘ra, Departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda, viloyat «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari tomonidan, tender savdolarisiz 41ta holatda kompaniya rahbarining raisligidagi ichki tanlovlar asosida, qurilishda muhim ahamiyatga ega texnika vositalari, moliyaviy ahvoli, ishchi kuchi va boshqa imkoniyatlari bo‘lmagan pudratchi tashkilotlarga qurilish obektlarni topshirishib, haqiqatda bajarilmagan qurilish va ta'mirlash ishlarini hujjatlarda qo‘shib yozish orqali, 2019-2020 yillarda jami 2,7 mlrd so‘m budjet mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.

Holat yuzasidan Xorazm viloyati «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Namanganda 544 mln so‘mlik kredit pullar talon-toroj qilingani aniqlandi

Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, ATB «Agrobank» To‘raqo‘rg‘on filiali sobiq boshqaruvchisi Sh.B., «M.T.A.» MChJ rahbari G‘.T. va boshqalar 2020 yil yanvar-mart oylarida 19 nafar fuqaroning xabardorligisiz, ularning nomiga issiqxona tashkil etish uchun imtiyozli kredit olish maqsadida hujjatlarni rasmiylashtirib, ATB «Agrobank» To‘raqo‘rg‘on filialiga taqdim etib, mazkur hujjatlar asosida jami 544 mln so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘ini bank kassasidan naqd pul shaklida olib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Holat yuzasidan Sh.B., G‘.T. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Namangan shahrida 5 gektar yerni sotmoqchi bo‘lgan fermer qo‘lga tushdi

Namangan shahrida fuqaro A.T. o‘zining «M.S.» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 5 gektar yer maydonini fuqaro M.J.ning nomiga bog‘ tashkil etish uchun, tanishlari orqali tuman hokimi qarorini chiqartirib berishi evaziga firibgarlik yo‘li bilan 85 mln so‘m talab qilib, shundan

4 000 dollar va 10 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Holat yuzasidan A.T.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Tezkor tadbir Departamentning Namangan shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan.

Top