20:37 / 18.07.2020
36199

Covid–19 bilan kurashda Samarqand tajribasi qanday bo‘lyapti?

Koronavirus pandemiyasi yurtimizga kirib kelgan kundanoq epidemiologik holat jiddiy nazoratga olinib, barcha yig‘ilishlarda bu masalaga alohida to‘xtalib kelmoqda.

Xususan, Samarqand viloyati hokimligi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Yoshlar ittifoqi, SEOM, Milliy gvardiya, mudofaa, favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar boshqarmalari va yana bir qator tashkilotlar hamkorligida viloyatda koronavirus pandemiyasining asoratlarini kamaytirish, bemorlarni davolash, kuzatuvga olish va kasallikka qarshi kurashishda samarali tizim ishlab chiqildi.

Yuqorida tilga olingan tashkilotlar ishtirokida har kuni shtab yig‘ilishlari o‘tkazilib, vaziyat jiddiy tahlil qilinmoqda. Bir qancha yo‘nalishlarda ishlar olib borilyapti.

Hozirgi vaqtda Samarqand davlat tibbiyot institutida «1105» qisqa raqam bilan ishlaydigan «Sall-markaz» – tibbiy maslahat markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu markaz shunchaki maslahat beribgina qolmay, uning negizida onlayn poliklinika ham ishlab turibdi. Poliklinikaga puxta bilim va tajribaga ega mutaxassislar biriktirilgan.

Hozirga qadar «Sall-markaz»ga fuqarolarimizdan 5000 dan ortiq murojatlar kelib tushdi va o‘z vaqtida kerakli maslahatlar berildi.

Shuningdek, Yoshlar markazi tashabbusi bilan 100 nafardan ortiq yoshlar volontyorlik harakatlariga jalb qilindi. Ular shahar va tumanlardagi tez tibbiy yordam xizmatlarida, koll-markazlarda va onlayn poliklinikalarda xizmat qilyapti.

Bugungi kunda viloyatda yaxshi tajriba qo‘llanilmoqda. Aytish lozim, «103» telefon raqami orqali isitmasi ko‘tarilganini ma'lum qilgan bemorlar har qanday holatda provizor gospitalga joylashtirilyapti. Mazkur gospital Samarqand shahridagi «Registon» mehmonxonasida tashkil qilingan bo‘lib, viloyat hokimligi tashabbusi bilan 11 ta mobil tez yordam brigadasi biriktirildi. Ushbu gospitalning ahamiyatli tomoni shundaki, isitmasi bo‘lgan bemor uch kungacha saqlab turiladi. Ularga birinchi yordam ko‘rsatiladi, Covid–19ga tahlil olinadi. Uch mahal ovqat va birlamchi dori-darmonlar bilan ta'minlanadi.

Bemorning holati tezda ijobiy tomonga o‘zgarib, kasallik alomatlari kuzatilmasa, uyiga javob beriladi. Yengil holatdagilar esa doimiy nazoratda bo‘lishi uchun maxsus tashkil qilingan shifoxonalarga joylashtirilib, kuzatuvga olinadi.

Kasallik belgilari alomatsiz kechayotgan bemorlarga ham uyiga javob berilyapti. Ularning izolyatsiyasi ta'minlanmoqda. Shu bilan birgalikda, oilaviy yoki hududiy poliklinikalarga xabar berilib, nazoratga olinyapti. Faqat og‘ir yoki o‘rtacha shakldagilar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilmoqda.

Aytish mumkinki, bu kabi provizor gospitallar Samarqandning o‘ziga xos tajribasi hisoblanadi.  

Shu vaqtga qadar Samarqand davlat tibbiyot instituti tomonidan 400 dan ortiq zaxira shifokorlar tayyorlandi. Institutda Covid-19  bo‘yicha 1835 nafar tibbiyot xodimlari o‘qitildi.

Bundan tashqari, SamDTI professor-olimlari ishtirokida har kuni viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi shifokorlari bilan onlayn tartibda bemorlarning holati mukammal tahlil qilinmoqda. Onlayn maslahatlar tashkil qilinyapti.

Yanada hushyorlikni oshirish va birlamchi tasavvurni berish maqsadida SamDTI tomonidan maxsus qo‘llanma va bukletlar tayyorlanib, aholi va shifokorlarga tarqatildi.

Bugun Samarqand viloyatida jami 10 000 gacha  bemorlarni qabul qilish uchun zaxira o‘rinlari yaratilgan. Zaxira o‘rinlari xususiy klinikalar, mehmonxonalar, sanatoriya va oliy ta'lim muassasalari yotoqxonalarida shakllantirilyapti.

O‘z navbatida Milliy gvardiya va IIB boshqarmalari uy karantinlarini tashkil qilishda, karantin chora-tadbirlarini amalga oshirishda kecha-yu kunduz xizmat qilmoqda. DSENM, favqulodda vaziyatlar hamda mudofaa boshqarmalari ham viloyatda epidemologik tekshiruv va epidemiologik nazorat, ko‘cha va katta obektlarda dezinfeksiya ishlarini samarali olib boryaptilar.

Xalqimizning birligi, mas'ul idoralarning bilim va fidoyilik bilan olib borayotgan ishlari natijasida kasallik tezroq chekinishiga umid qilamiz. 

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati.

Top