18:23 / 18.07.2020
27242

Fermerga ko‘ra ta'minotchi chirigan kartoshka sotgan, ta'minotchiga ko‘ra fermerning o‘zi chiritgan - Yakkabog‘dagi voqea

Kun.uz’ning Telegram kanali orqali Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida fermerlarga chirigan kartoshka urug‘i tarqatilayotgani haqida murojaat e'lon qilingan edi.

Murojaatda bo‘shagan g‘alla yer maydonlariga takroriy ekin sifatida ekish uchun fermerlarga «EGOIST AST» MChJ dan kilosini 7000 so‘mdan kartoshka urug‘i sotib olishga majburlanayotgani, xarid qilingan urug‘lik kartoshkalarning bir qismi chirib ketganligi va ekishga yaroqsizligi hikoya qilingan.

Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida Kun.uz muxbiri tumandagi kartoshka urug‘i olgan fermerlar bilan suhbatlashdi, shuningdek, bozordagi narx-navo o‘rganildi, urug‘lik kartoshka tarqatayotgan korxona rahbaridan holat bo‘yicha izoh olindi.

«Kartoshka urug‘i masalasi har yilgi muammo»

Yakkabog‘ tumanidagi bozorlarda urug‘lik kartoshka sotayotgan sotuvchilardan urug‘lik narxlarini so‘rab, 5-6 ming so‘mdan sotilayotganini ko‘rdik. Ammo bozordagi mahsulot gektarlab yerga ekish uchun tonnalab o‘tkazilayotgani yo‘q. Sotuvchilardan birini suhbatga tortganimizda kartoshka yetishtirayotgan fermerlar muammolari haqida so‘zlab berdi.

«O‘zim fermerman, g‘alla, paxtadan tortib kartoshka va boshqa sabzavotlargacha ekaman. Urug‘lik kartoshka masalasiga kelsak, bizga tavsiya qilingan, 7000 so‘mdan tarqatilayotgan o‘sha kartoshka urug‘ini emas, o‘zimiz Toshkentdan 5600 so‘mdan olib keldik. Nega desangiz, ishonchli, o‘zingiz istagingizdagi narsani olib kelasiz. 2 tonnadan ziyodroq olib kelgandik, 200 kiloga yaqin kartoshka urug‘i ortgan edi, mana, bozorga olib chiqib sotyapman.

Kartoshka urug‘i masalasi har yilgi muammo: fermerga urug‘ tarqatiladi, lekin hosil yaxshi bo‘lmaydi. Fermer esa mehnati va puliga kuyib qolaveradi. Juda kam odam haqini talab qilib ololadi, to‘g‘ri ma'noda, tanishi, «orqasi» bo‘lsagina majburiyatlardan chetlab o‘tishi mumkin», — deydi sotuvchi-dehqon.

«Omborda paytidayoq chirigani ma'lum bo‘lgandi, chegirma qilib beramiz deyishdi»

Shundan so‘ng g‘alladan bo‘shagan dalaga kartoshka yetishtirayotgan ayrim fermerlar dalasiga bordik. Ekishga tayyor qilib, yoyib qo‘yilgan kartoshka turgan yerida chirib, hatto ichida qurtlar «o‘ynab» yurganini ko‘rdik. Ismi oshkor qilinishini istamagan fermer olingan 6 tonna kartoshka urug‘ini saralash natijasida 1,5 tonnaga yaqini chiqitga chiqarilganini kuyinib hikoya qilib berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, urug‘lik kartoshkaga majburiy tarzda shartnomaga qo‘l qo‘yish uchun olib borilgan, ammo fermer kim bilan qaysi tashkilot yoki firma bilan shartnomaga qo‘l qo‘ygani va muhr bosganini bilmaydi.

Shuningdek, u Shahrisabz shahridagi ombor-muzlatgichdan kartoshka olishga borganda esa omborda chirigan kartoshkalarni yuklab berib, chiriganiga chegirma qilib beramiz, deyishganiga qaramasdan, hech qanday yordam berilmaganini aytdi.

«Dunyoda eng qo‘lansa hid — chirigan kartoshkaning hidi bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Hafta-o‘n kundan beri qo‘shnilar ham shikoyat qilib keladi. 2 gektar yerga ekish uchun 6 tonna urug‘lik olib kelgandim. Omborda paytidayoq chirigani ma'lum bo‘lgandi, boshqa fermerlar ham bor edi. Bitta xaltani to‘kib ham ko‘rsatildi, bundan kartoshka chiqadimi, chirib yotibdi-ku desak, « chirigani hisobiga hammaga chegirma qilib beramiz», deyishdi, lekin na chirigani qoplandi, na almashtirib berildi.

Kartoshka ekadigan dala tayyor turibdi, ertadan ekishni boshlaymiz. Lekin bundan nimadir unib chiqadimi-yo‘qmi, Xudo biladi», deydi achinish bilan fermer.

Yakkabog‘ tumanining G‘urjob, Alako‘ylak qishloqlaridagi boshqa fermerlar bilan gaplashganimizda ularga berilgan urug‘lik ba'zilarida almashtirib berilgan bo‘lsa, ba'zilari esa «omadi kelib» yaxshi urug‘lik olganini aytishdi.

«Muzlatgichda saqlanayotgan urug‘ muzlamasa, chirimaydi. Ombordagi harorat yaxshi bo‘lmagan. Yo‘qsa, bunchalik darajada chirib qurtlashi mumkin emas», deydi biz bilan suhbatda keksa fermer.

Uning aytishicha, 63 mln so‘mga 9 tonna urug‘lik olgan va fermerlar uyushmasiga qilgan murojaatidan so‘ng yaroqsiz qismi almashtirib berilgan.

«Omborda tarqatilayotgan vaqtda qop ichini yorib ko‘rsatganmiz»

Biz holatga yanada aniqlik kiritish maqsadida Shahrisabz, Yakkabog‘ tumanlariga urug‘lik kartoshka tarqatishga mas'ul «EGOIST AST» firmasi rahbari Chori Safarovdan izoh oldik.

«Muzlatgich-ombordan urug‘lik olib chiqib ketayotgan har bir fermer bilan tuzilgan shartnoma va boshqa hujjatlar bo‘ladi. U yaroqli kartoshka olib ketyaptimi yoki yaroqsiz — bu haqda hujjat rasmiylashtirilgan.

Biz fermerni qurtlagan kartoshkani olishga majburlamaganmiz. Omborda tarqatilayotgan vaqtda qop ichini yorib ko‘rsatganmiz. Bundan tashqari, tilxat ham olingan. Har bir ongli odam qayerdan nima olayotganini bilishi kerakku», — deydi fermerlarga kartoshka tarqatayotgan «EGOIST AST» firmasi rahbari Chori Safarov

Bundan tashqari, firma rahbari urug‘lik kartoshka fermerlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar natijasida chirigan deb hisoblaydi. Uning ta'kidicha, urug‘lik kartoshkani olib ketgan fermer issiq va dim sharoitda saqlagan bo‘lsa, uning chirishi tabiiy hodisa.

«Bu o‘z nomi bilan urug‘lik, uni ombordan olib chiqqandan nishlashi uchun so‘ng harorati +18 darajadan yuqori bo‘lmagan joyda yoyib qo‘yiladi, bu haqda har bir fermerga agrotexnik tavsiyalar berganmiz. Muzlatgichlarda turgan va fermerlarga tarqatilayotgan urug‘lik kartoshka talab darajasida saqlanmoqda», deydi Chori Safarov.

Firma sotayotgan urug‘lik bozor narxidan qimmat ekani haqida bergan savolimizga shunday javob berdi: «Biz Toshkentdan 5-6 mingdan olganmiz, uning ustiga QQS ham qo‘shiladi. Endi bunga transport, xolodilnik, ortish-tushirish, shuningdek, xodimlar oylik-maoshlari qo‘shiladi. Bevosita Rossiya federatsiyasidan ham olib kelgan holatlarimiz ham bor, lekin bu biz uchun yanada qimmatga tushgan».

Firma vakillarining bizga taqdim etgan hujjat nusxalarida urug‘lik kartoshkaning sotib olinganidan fermerlarga tarqatib berilgungacha bo‘lgan asosiy xarajatlari ko‘rsatilgan. Bu bilan quyida tanishasiz.

 

Chori Safarov shuningdek, ayrim fermerlarning tuman hokimliklariga qilgan shikoyati sababli urug‘lik kartoshkalarning chirigani almashtirib berilganini aytib o‘tdi.

«Garchi ayb bizda bo‘lmasa ham, tuman hokimligining iltimosiga ko‘ra o‘sha fermerlarga almashtirib berdik. Lekin hamma fermerning xatosini men tuzatib berolmayman», deydi firma rahbari.

Vaziyat yuzasidan o‘z munosabatini bildirgan Yakkabog‘ tuman hokimligi axborot xizmati urug‘lik kartoshkaning ichida sifatsiz va urinib qolgani aniqlangan fermer xo‘jaliklariga sifatlisi almashtirib berilgani haqida ma'lumot berdi.

«Tumanning joriy yil 6–7 iyul kunlari urug‘lik kartoshka olgan ko‘pchilik fermerlari qatorida «Suyunov Mirza» fermer xo‘jaligi rahbari Temur Mirzayev, «Temir Habibullo o‘g‘li» fermer xo‘jaligi rahbari Xolniyoz Bozorovlar «EGOIST AST» MChJ tomonidan yetkazib berilgan urug‘lik kartoshkaning ichida sifatsiz va urinib qolgani, urug‘likka yaramaydigan qismi borligi fermerlarning xaqli e'tirozlariga sabab bo‘lgan.

Holat yuzasidan joyida o‘rganilganida fermerlar Xolniyoz Bozorov ekishga olingan urug‘lik kartoshkaning 6 tonnadan 500 kilogrammi, Temur Mirzayev 9 tonnadan 1 tonna 200 kilogrammi e'tiroz bildirganidan so‘ng «EGOIST AST» MChJ tomonidan almashtirib berilgan», deyiladi tuman hokimligi xabarida.

Barcha tomonning fikrini eshitdingiz.

Darhaqiqat, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi «Respublikada kartoshka yetishtirishni kengaytirish va urug‘chiligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ–4704-sonli qarorida ko‘ra, iste'mol va urug‘lik kartoshka, jumladan, uning super elita, elita avlodlarini yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar sanab o‘tilgan.

Qashqadaryo viloyatida Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlaridagi fermerlarlarga takroriy ekin o‘rniga ekish uchun urug‘lik kartoshka birgina «EGOIST AST» MChJ tomonidan yetkazib berilmoqda.

Tumanlarda fermerlar topshiriqni bajarish uchun tuman hokimi, prokuraturasi tomon yoppasiga «EGOIST AST» MChJ bilan shartnoma imzolashga majburlanmoqda. Ayrim fermerlar kim bilan, nima uchun shartnoma imzolaganini ham bilmaydi. Shunchaki tuman rahbarlari tomonidan aytilgan — tamom.

Mana shunday ish tutumi bilan Prezident qarorida ko‘zda tutilgan oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlab bo‘ladimi?

Monopol tarzda fermerlarga bir mahsulotni o‘tkazish, albatta, mana shunday tushunmovchiliklar, noroziliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Va to‘g‘risini tan olish kerak, kimlarningdir boyishiga ham xizmat qiladi.

Fermerlar kartoshkani tijoriy kredit evaziga xarid qilishmoqda. Mabodo urug‘ning sifatsizligi tufayli ular kartoshka yetishtirolmasa, bankka kreditni qoplab berishadi. Qolgani — kartoshka sotganni ham, bankni ham, hokimlikni ham qiziqtirmaydi. Yutqazgan faqat fermer bo‘ladi.

Shuni bila turib, fermer ochiqchasiga o‘zining zarariga ishlashi — kartoshka urug‘ini avaylamasdan chiritib yuborishiga ishonish qiyin.

Bir qator o‘rinli savollar paydo bo‘ladi:

Xo‘p, kartoshkachilik sohasida yangi marralar egallanishi maqsad qilingan ekan, haybarakallachilik bilan bitta korxona orqali kartoshka tarqatmasdan, fermer uchun uchun manfaatli raqobat muhiti yuzaga keltirilsa bo‘lmasmidi?

Aytaylik, kartoshka urug‘ini xarid qilishni ularning o‘zlariga qo‘yib berilsa bo‘lmaydimi? Nahotki fermerning o‘ziga arzon va sifatli urug‘lik kartoshka sotadigan firmani topib, o‘sha bilan shartnoma qilish, ajratilayotgan kredit mablag‘lari so‘ng o‘sha firmaga ko‘chirilib berilishini ta'minlash shunchalik qiyin?

Nima uchun mana shu joyda ham monopoliya bo‘lishi kerak? Yakkahokimlik va monopoliya bor joyda sifat va rivojlanish hech qachon bo‘lmaydi-ku?! Nega mana shu oddiy haqiqatni joylardagi rahbarlar tushunib yetishi shunchalik qiyin bo‘lmoqda?

Qachon bizda fermerning yoqasini qo‘yib yuborishadi, uni o‘z holiga qo‘yishadi. Qachon u yengil nafas olib, dalada ishlaydi?

Yigitali Mahmudov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top