08:19 / 18.07.2020
25835
Jo‘rabek Mirzamahmudov - importni qisqartirish, «PVX2» loyihasi va Rossiyaga gaz eksporti to‘xtagani haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni neft-gaz, elektrotexnika va farmatsevtika sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, davlat rahbari huzurida mazkur tizimlardagi muammolar, ularni bartaraf etish va kelgusidagi vazifalar ham muhokama qilindi.

Foto: O‘zatom

Tadbirda ishtirok etgan Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari – «O‘zatom» bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda neft-gaz tarmog‘ini rivojlantirish borasida bajarilayotgan ishlar, yig‘ilishda o‘rtaga tashlangan masalalar xususida so‘zlab berdi.

– Jo‘rabek Tursunpo‘latovich, davlat rahbari o‘tkazgan tadbirda qanday masalalar muhokama qilindi va kelajak uchun qanaqa rejalar tuzildi?

– Majlisda neft-gaz tarmog‘ini rivojlantirish masalasiga alohida urg‘u berildi. Avvalo, o‘zimizda mavjud xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash eng muhim vazifalardan ekani aytildi. Hozir O‘zbekistonga kimyoviy va polimer mahsulotlarni asosan xorijdan import qilib olib kelyapmiz. Davlat rahbari bu mahsulotlarni maksimal darajada o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerakligini aytdilar.

Importning o‘rnini bosish bilan birga, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligini ta'kidladilar. Bu bo‘yicha 52ta yangi loyiha takliflarini tayyorlaganmiz. Majlisda 5ta loyihamiz muhokama qilindi. Ularni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

– Albatta, bu yirik loyihalarni amalga oshirish uchun siyosiy iroda bilan birga katta resurslar lozim. Ularni hal qilish masalasi nima bo‘ladi?

– Yig‘ilishda ko‘tarilgan yana bir masala – davlat kafolati asosida kredit olmaslikni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Bu xorijiy investitsiyalarni va mahalliy investorlarni jalb qilish vaqti keldi, degani. Albatta, marketingni rivojlantirish ham muhim. Chunki hamkorlarimizga barcha tashkiliy ishlarda ko‘makchi bo‘lish yaxshi natijalarning avvalidir.

Umuman olganda, loyihalarimizni amalga oshirishda investorlarning imkoniyatlari yetarli darajada, deya olaman.

Yuqori aytganim, muhokamasi bo‘lgan 5ta loyihadan eng yirigi katta hajmda polivinilxloridni ishlab chiqarishni ko‘zda tutuvchi «PVX2» deb ataladi. Bu mahsulot importi o‘tgan yili 92 million 500 ming dollarni tashkil etgan, ya'ni katta hajmdagi mablag‘ chetga chiqib ketyapti. Hozirgi mavjud quvvatlar, bu mahsulotning ishlab chiqarish hajmi ichki bozorni ham qoplay olmaydi.

Siyosiy iroda haqida gapirdingiz, ochig‘ini aytsam, agar eski tizimda ishlasak, ushbu loyihani boshlash uchun kamida ikki yil vaqt yo‘qotishimiz mumkin edi. Bu tajribada isbotlangan. Chunki «PVX1» loyihasini muvofiqlashtirish ishlari 2014 yildan 2016 yilga qadar davom etgan. Davlat rahbari rejalashtirilayotgan ishlar tezkorlik bilan amalga oshirilishi uchun hukumatdan nima yordam kerak bo‘lsa, takliflarni beringlar, deb tayinladi.

Hujjatlar bilan bog‘liq ishlarni tugatib, shu yil yakunida qurilish ishlarini boshlashni rejalaganmiz. Mazkur loyihani amalga oshirishda biz birinchi o‘rinda sifatga e'tibor beramiz, keyin narx va xavfsizlikka.

– Dunyo bo‘yicha gaz narxi arzonlashgan. Shunday paytda Xitoy va Rossiyaga gaz eksporti hajmi kamaygani to‘g‘risida xabarlarni qanday izohlaysiz?

– Chindan ham butun dunyoda gaz narxi arzonlashgan. Shunday paytda asosiy hamkorlarimiz bo‘lgan xorijiy davlatlarga eksport hajmi ham qisqardi. Xitoyga eksport qisqargan bo‘lsa, Rossiyaga belgilangan narxlarda eksport qilish iqtisodiy jihatdan manfaat bermay qoldi.

E'tibor bergan bo‘lsangiz, «Gazprom»ning o‘zi ham eksport hajmi qisqargani ortidan 2020 yilning birinchi choragini rekord darajada zarar (1,3 mlrd AQSh dollari – tahr.) bilan yakunlagan, qator loyihalari, jumladan Turk oqimi ham bir oydirki bo‘sh turibdi.

Mana shunday sharoitda gazni qayta ishlash tizimini rivojlantirish muhim vazifalardan hisoblanadi. Agar shu ishni yo‘lga qo‘yib olsak, kelgusida iqtisodiy ko‘rsatkichlarimiz ancha o‘sishiga erisha olamiz. Sababi, gazning o‘zini sotish bir yo‘nalishda daromad keltirsa, bu mahsulotni chuqur qayta ishlash minglab yangi ish o‘rinlari, katta zanjirli ishlab chiqarish tizimini yaratadi.

Majlisda topshiriqlardan yana biri shu bo‘ldiki, kichik ishlab chiqarish loyihalarini ko‘paytirish zarur. Chunki katta loyihalar katta potensial va uzoq muddat talab qiladi. Kichik-kichik loyihalar ham albatta o‘z o‘rnida, yetarli samaralar beradi. Kelgusida rejalarimizning asosiy qismi ishlab chiqilgan 52ta loyihani amalga oshirishdan iborat bo‘ladi.

– Tashqi bozorda narx tushayotgan shunday paytda gazni ichki bozorga, aholiga yetkazish hajmini oshirish masalasi ko‘rilmayaptimi?

– Bu doimiy e'tibordagi masala. Bugungi kunda aholini gaz bilan ta'minlash borasida ham tizimli ishlar olib borilyapti. Ammo aytish kerakki, gaz qazib olish, yangi konlar topish xarajatlari ham oshib bormoqda. Qolaversa, biz quvurda gaz yetkazib berishda katta isrofga yo‘l qo‘yishda ham yetakchi davlatlardan birimiz. Muhimi, bu yo‘nalishda tejamkorlikni yo‘lga qo‘yishda. Biz birinchi navbatda mana shu muammolarni hal qilib olishimiz lozim.

– Siz vazir o‘rinbosari bo‘lish bilan bir paytda «O‘zatom» agentligi bosh direktori lavozimida ham faoliyat olib borasiz. Imkoniyatdan foydalanib, O‘zbekistonda atom elektrostansiya qurilishiga oid ma'lumot olsak. Bu loyiha to‘xtab qolgan, degan xabarlar ham bor.

– Loyiha aslo to‘xtagani yo‘q, aksincha, ishlar muntazam olib borilmoqda. Ish jarayonida loyihaga o‘zgarishlar kiritilmoqda, bu umumiy rejaga ham tabiiyki ta'sir qilyapti.

Prezident ta'kidlaganidek xavfsizlik, foydalilik va maqbul narx borasida doimiy muzokaralar olib borilmoqda. Juda katta kuch va salohiyat talab qiladigan bu loyiha nasib qilsa amalga oshiriladi va xalqimizga xizmat qiladi.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Top