09:19 / 18.07.2020
18331

Samarqand shahrida hali bitmagan 7 qavatli uylarni sotib, odamlarga 1,5 mlrd so‘mga yaqin zarar keltirganlar tergovga tortildi

Samarqandda qurilish sohasida soxta hujjatlar bilan fuqarolarga ko‘p miqdorda zarar keltirgan shaxslar jinoyati ochildi, deya Kun.uz`ga ma'lum qildi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Departamentning Samarqand shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, «T.I.» MChJ ta'sischisi Sh.I. va boshqalar Samarqand shahri Ro‘dakiy ko‘chasida 7 qavatli turar joy binosini qurib, ushbu turar joy binosida haqiqatda qurilish ishlari to‘liq tugatilmagan bo‘lsa-da, tegishli hujjatlarga tugatilgani haqida soxta yozuv va ma'lumotlar kiritib, yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan, tugallanmagan turar joylarni fuqarolarga sotib, jami 1 mlrd 146 mln so‘m miqdorda zarar yetkazgan.

Shuningdek, yuqoridagi holat kabi «Z.S.S.» MChJ rahbari E.Sh. va boshqalar Ro‘dakiy ko‘chasidagi boshqa bir 7 qavatli turar joy binosini oxirigacha to‘liq qurib bitirmasdan, tegishli hujjatlarga tugatilgani haqida soxta yozuv va ma'lumotlar kiritib, yashash uchun yaroqsiz bo‘lgan, tugallanmagan turar joylarni fuqarolarga sotib, jami 300 mln so‘m miqdorida zarar yetkazganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan «T.I.» MChJ ta'sischisi Sh.I., «Z.S.S.» MChJ rahbari E.Sh. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 192(11)-moddasi 2-qismi va 228-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid
Top