15:27 / 18.07.2020
19246
Zoyir Mirzayev G‘uzordagi 127 kishida koronavirus chiqqan zavodga bordi

Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev qurilish ishlarida ishlayotgan 127 kishida koronavirus aniqlangan G‘uzordagi zavodga bordi. Zavodning o‘zida viloyat hokimi ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev G‘uzor tumanidagi «Uzbekistan GTL» zavodiga bordi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar bergan.

8 iyul kuni G‘uzordagi sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqariladigan bu zavoddagi qurilishda ishlayotgan 127 kishida koronavirus aniqlangani ma'lum bo‘lgandi. Bugun, 18 iyul kuni «Uzbekistan GTL» zavodida bo‘lgan Zoyir Mirzayev koronavirusga qarshi amalga oshirilayotgan ishlar va qurilish jarayoni bilan tanishdi.

«Uzbekistan GTL» zavodining o‘zida Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirokida brifing o‘tkazildi. Viloyat hokimining aytishicha, 20 iyulgacha Qashqadaryoda 8 700ta zaxira o‘rinlari tayyor bo‘ladi (katta ehtimol bilan gap karantin o‘rinlari haqida ketmoqda). Bugungi kunda esa 890ta zaxira o‘rni mavjud.

Mirzayev Qashqadaryoda koronavirusga qarshi kurashda 5 280 nafar tibbiyot xodimlari jalb qilinganini aytgan. Shuningdek, nafaqaga chiqqan, avval tibbiyot sohasida, harbiy sohada ishlagan tajribasi bor virusolog, infeksionistlar zaxiraga tayyorlash maqsadida ro‘yxat qilinayotgani ma'lum bo‘ldi.

Mirzayevga ko‘ra, Qashqadaryodagi ishonch telefonlariga har kuni o‘rtacha 185ta qo‘ng‘iroq bo‘lyapti va ulardan 40-42tasi oziq-ovqat yoki dori-darmon so‘rovi bo‘yicha. Viloyatda yordamga muhtoj odamlarning moddiy so‘rovlarini qanoatlantirish imkoni borligi aytildi. Ma'lum bo‘lishicha, ayni damda viloyatdagi «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasida 4,2 milliard so‘m pul bor va oxirgi bir kunda jamg‘armaga homiylar tomonidan 56 million so‘m pul tushgan.

Ma'lumot uchun, Qashqadaryoda ayni damgacha 409 kishida koronavirus aniqlangan. Ulardan 318 nafari tuzalgan. Kecha bir kun davomida viloyatda 42 kishi virusdan tuzalgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top