16:52 / 19.07.2020
26072

«Bugun ham er-xotin shifokor yordamga keldi» – Toshkentdagi kollejda ko‘ngillilar tashkil etgan call-markaz faoliyati haqida

So‘nggi paytlarda aholi orasida koronavirus infeksiyasi keng tarqalishi tibbiy yordamga bo‘lgan ehtiyojni bir necha baravar oshirib yubordi, deyarli barcha tibbiyot muassasalari katta bosim ostida ishlamoqda. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda hamyurtlarimiz tomonidan tizimga, xususan, «Tez tibbiy yordam» xizmati faoliyatiga e'tirozlar ko‘paymoqda.

Kun.uz muxbiri Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi qoshida yangi tashkil qilingan call-markazi faoliyatini o‘rgandi. Ma'lum bo‘lishicha, bu call-markaz Chilonzor tibbiyot kolleji direktori Husniddin Rahmonov tashabbusi bilan tashkil qilingan va bu yerda faqat ko‘ngillilar ishlaydi.

Kun.uz muxbiri tibbiyot kolleji direktoriga bu markaz tashkil etilishi fikri qanday paydo bo‘lgani haqidagi savol bilan murojaat qildi.

«Respublikadagi umumiy ahvoldan xabardor edik. «Tez yordam»dagi kechikishlar va xalqning munosabatini kuzatib turganimiz uchun biz shifokorlar ham uyda o‘tira olmasdan kollej jamoasi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat qildik.

Hali to‘g‘ridan to‘g‘ri borib tibbiy yordam ko‘rsatishga huquqiy asosimiz bo‘lmasa-da, lekin call-markazda hozir tibbiyot muassasalarida bevosita ishlagan va tajriba orttirgan malakali mutaxassislar yig‘ilgan», deya ma'lumot berdi kollej direktori.

Husniddin Rahmonov

Uning ta'kidlashicha, Toshkent shahar «Tez yordam» stansiyasi bir kunda 2 ming chaqiriqni qabul qilish imkoniga ega. Lekin bugungi kunda chaqiriqlar soni 3 barobar oshgan. Bu ko‘rsatkich oshishi «Tez yordam» mashinalari va mutaxassislarini ham yetkazib berishni imkonsiz qilib qo‘ymoqda. Call-markazdagi malakali mutaxassislar murojaatlarni saralab, haqiqatan yordamga muhtoj, tana harorati ko‘tarilgan bemorlar haqidagi ma'lumotlari «Tez yordam»ga yo‘naltirmoqda.

«Sall-markazning murojaatlarni saralashi ham katta ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Sababi «Tez yordam»dagilar o‘zlari saralasa, vaqt yo‘qotilishi mumkin. Bundan tashqari, bizga qo‘ng‘iroq qilib tibbiy maslahat so‘raydiganlar ham bo‘ladi. Ularga ham javob berib boryapmiz. Dorilarni qanday qabul qilish kerakligi yoki boshqa biror shikoyati bor bemorlar ham kasalxonalarga joylasha oladimi yoki yo‘qligi haqida ma'lumot berib boramiz», deydi mutaxassis.

Husniddin Rahmonov so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Call-markazlarda xodimlar majburiy tarzda ishlayotgani haqida ma'lumotlar tarqalayotgani haqidagi savolga munosabat bildirib, bu markazda ishlayotgan xodimlar o‘z xohishi bilan faoliyat yuritayotganini qayd etdi.

«Bu yerda hech kim majbur bo‘lganidan ishlayotgani yo‘q. Buni xodimlarning xatti-harakatlari va faoliyatini kuzatib sezish mumkin. Call-markazdagi shifokorlar hozir o‘z fuqarolik va kasbiy burchini bajarish uchun mehnat qilishmoqda. Masalan, bugun ertalab er-xotin shifokorlar ko‘ngilli tarzda markazda ishlash uchun kelishdi. Ular hatto o‘z shaxsiy avtomobilida joylarga chiqib bemorlarga yordam ko‘rsatish niyatida», deydi u.

Direktor maosh masalasida ham to‘xtalib o‘tdi.

«Biz ayni paytda mehnat ta'tilidamiz. Bizda hozir moddiy masala birinchi o‘rinda emas. Asosiy maqsadimiz xalqqa imkon qadar yordam ko‘rsatishdan iborat. Ularning sog‘ligidan ham ortiq moddiy rag‘bat bo‘lishi mumkin ham emas», deya ta'kidladi u.

«Bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarning asosiy qismi koronavirus bilan bog‘liq...»

Call-markazdga ko‘ngilli sifatida kelganlardan biri, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘qituvchisi hozirda markazga bo‘layotgan qo‘ng‘iroqlarning asosiy qismi koronavirus alomatlaridan shikoyat qilayotgan bemorlar hissasiga to‘g‘ri kelayotgani, qo‘ng‘iroqlar va chaqiriqlarning juda ko‘pligi tufayli vaqtida ulgurish juda qiyin bo‘layotgani, bemorlar orasida ham jahl qiladiganlari uchrab turishi haqida gapirdi.

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti talabasi ham markazda ko‘ngilli sifatida ishlamoqda. U murojaat qilganlar qanday saralanishi haqida aytib berdi.

«Bizga hozir qo‘ng‘iroq qilgan bemorlardan biri xususiy klinikaga borib tekshiruvdan o‘tgan va unga pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan.

Hamma shifoxonalar ham bemorni qabul qila olmaydi. Sababi bemorda koronavirus tasdiqlanmagani haqida qog‘oz yo‘q.

Koronavirus bemorlari davolanayotgan shifoxonalar ham qabul qila olmaydi. Chunki bu bemorda koronavirus tasdiqlangani to‘g‘risida test javobi yo‘q.

Bu vaziyatda bemor o‘zi biriktirilgan poliklinikaga murojaat qilishi va o‘sha yerda unga yo‘llanma berilishi kerak. Lekin poliklinikalarning yarmidan ko‘pi karantin tufayli yopiq.

Bunday bemorga «Tez yordam» yuborilmaganining sababi bu chaqiriqdan keyin ham shifokorlar kun bo‘yi yana kamida 29ta chaqiriq asosida borishi kerak. Ular turli shikoyatlar bilan murojaat qilayotgan bemorlar bo‘lishi mumkin. Agar shifokor ertalabdan pnevmoniya bilan og‘rigan bemorni ko‘rishga borsa, «Tez yordam»ning o‘zi kasallik tarqatuvchi bo‘lib qolishi mumkin», deya vaziyatni tushuntirdi u.

Jamshidxon Ziyoxonov

Top