13:43 / 19.07.2020
28389
Foto: «O‘zekspomarkaz»da koronavirus bemorlari uchun koykalar tayyorlanmoqda

«O‘zekspomarkaz» pavilonlarida koronavirusga chalingan bemorlarni joylashtirish uchun koyka-o‘rinlar tayyorlanmoqda.

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi «O‘zekspomarkaz» pavilonlarida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olib, kasallikka chalingan bemorlarni joylashtirish uchun koyka-o‘rinlar tayyorlanmoqda.

Toshkent shahri hokimligi matbuot xizmati Kun.uz’ga izoh berishicha, bu yerda bemorlar kasallikdan davolanmaydi, balki kasallik gumonlangan shaxslar vaqtincha saqlanib, ularga birinchi tez yordam ko‘rsatiladi va tashxis qo‘yilganidan keyin kerakli tibbiyot muassasasiga taqsimlanadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlarda pavilonlarga bir-biridan pardevorlar bilan ajratilgan yotoqlar joylashtirib chiqilayotgani aks etgan.

Bundan tashqari, Jahon tillari universiteti yotoqxonalari ham koronavirus bemorlari uchun qayta jihozlanmoqda. Bu binolarda jami 1500 o‘rin tayyorlanishi mo‘ljallangan.

  • Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy statistikasiga ko‘ra, ayni vaqtda O‘zbekistonda kasallik tasdiqlangan va davolanishni davom ettirayotgan bemorlar soni Toshkent shahrida 5051 nafarni, Toshkent viloyatida esa 851 nafarni tashkil etmoqda. Shu bilan birgalikda, ijtimoiy tarmoqlarda haqiqiy raqamlar bundan bir necha barobar yuqoriligi, shifoxonalarda yangi bemorlarni yotqizish uchun joy qolmagani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top