03:10 / 19.07.2020
36368
Ramzon Qodirov Zelenskiydan uzr so‘rashni talab qildi
Foto: Reuters

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan ilgari so‘ragan uzrini tasdiqlashni talab qildi. U bu boradagi bayonotini o‘zining Telegram-kanalida e'lon qildi.

"Bir paytlar Zelenskiyni o‘z aybini tan olib, kechirim so‘ragan inson sifatida bilardim. Bu erkaklik bo‘lgandi. Ammo nima uchun hozir, uzri qabul bo‘lganidan keyin o‘zini ko‘kka ko‘tarish uchun har muqomga tushyapti? Endi, Ukraina prezidentligi vakolatini olgach, har safar uzrning yangi talqinlarini o‘ylab topyapsiz. Siz o‘z pozitsiyangizni qat'iy belgilab olishingiz va uzrlaringizni tasdiqlashingizga to‘g‘ri keladi. Agar yo‘q bo‘lsa, unda mening oldimda javob berishingizga to‘g‘ri keladi", — dedi Qodirov.

U shuningdek, Zelenskiyning bir necha yil avval Dmitriy Gordonga bergan intervyusidan parcha keltirdi. Unda Ukraina rahbari "ChistoNews" dasturidagi videolavhalardan biriga Qodirovning yig‘layotgani aks etgan kadrlar tushib qolganini aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin unga qo‘ng‘iroq qilishadi va bu haqda nima deb o‘ylashini, bu holat musulmon olamida noto‘g‘ri qabul qilinishi mumkinligini aytishadi. Zelenskiy agar bu rolik musulmon dunyosi vakillari nafsoniyatiga tekkan bo‘lsa, qo‘l ostidagilar uchun kechirim so‘rashini aytadi.

Qodirov o‘z murojaatida shuningdek, Zelenskiy saylovoldi va'dalarini bajarmagani, Donbassdagi nizoni tugatishga va'da berganiga qaramay, u hali ham davom etayotganini aytgan. 

"Erkak bo‘ling, hamisha so‘zingizda turing", — degan Checheniston prezidenti Vladimir Zelenskiyga.

2019 yil sentyabrda Ukraina OAVda Zelenskiy 2014 yil kuzida mamlakat IIV orqali Qodirovdan uzr so‘rashga uringani haqida maqola chop etilgan. U bu borada yordam so‘rab ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Vladimir Yevdokimovga murojaat qilgan. Vazirlik Zelenskiyga Checheniston ichki ishlar vazirining o‘rinbosari va vaziri bilan uchrashuv tashkil etishga yordam bergan. Qodirov bilan ham uchrashuv bo‘lishi ko‘zda tutilgan, ammo Zelenskiy borishdan bosh tortgach, Chechenistonga Yevdokimovning qo‘l ostidagi xodimi Yuriy Yerinyak yo‘l olgan. U Ukrainaga qaytib kelganidan so‘ng Kiyevda Zelenskiyning avtomobili yonib ketgan.

Top