01:13 / 19.07.2020
19664
Toliblar Rossiya bilan “til biriktirganlik” to‘g‘risidagi xabarlarga javob qaytardi
Foto: AP

"Tolibon" harakatining rasmiy vakili Suhayl shahin AQSh askarlari o‘ldirilishi uchun Rossiya pul bergani haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi.

Avvalroq New York Times gazetasi Rossiya harbiy razvedkasining qaysidir bo‘linmasi amerikalik harbiylarga hujum qilishi uchun toliblarga pul bergani to‘g‘risida maqola chop etgandi.

"Bu "rus mukofotlari" — yolg‘on. Bu asossiz ayblov. Biz kimningdir puli uchun jang qilmayapmiz. Odamlarimiz o‘z mafkuramiz uchun jang va o‘zlarini qurbon qilmoqda", — dedi Shahin.

Shahinning fikricha, Amerika OAVda chop etilgan bunday maqolalar AQShning ichki siyosati hamda Vashingtondagi ayrim kuchlarning AQSh va "Tolibon" o‘rtasida Dohada imzolangan tinchlik kelishuvni yo‘qqa chiqarish xohishi bilan bog‘liq.

Rossiyalik diplomatlar New York Times nashri maqolasiga keskin norozilik bildirishdi.

“Agar hammaga ma'lum bo‘lgan faktlar haqida gapiradigan bo‘lsak, Afg‘onistonda Amerika razvedka jamiyati doirasidagi kishilar narkotrafikka aloqadorligi, transport karvonlari harakati uchun jangarilarga pul to‘lashi va amerikalik saylovchilar solig‘i hisobiga bajariladigan turli loyihalar  bilan shug‘ullanishlari sir emas», deyiladi Rossiya TIV bayonotida. Amerika gazetasidagi material esa «feyk xabar» deb atalgan.

Donald Tramp maqolani "buyurtma" deb atadi. Uning fikricha, Rossiyaning toliblar bilan kelishuvi to‘g‘risidagi hikoyani shaxsan unga va respublikachilar partiyasiga zarar yetkazish uchun o‘ylab topishgan.

Top