17:14 / 19.07.2020
43417

Toshkentning uch hududida koronavirus bemorlarini qabul qilish maskanlari tashkil etildi

Toshkent shahrining uch hududida - Uchtepa tumani hududidagi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining yotoqxonasida, Chilonzor tumani hududidagi xususiy klinikada hamda Yunusobod tumanidagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazma markazida yangi bemorlar uchun vaqtinchalik joylar tashkil etildi.

Foto: Toshkent shahar prokuraturasi / Gazeta.uz

Bugun, 19 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Toshkent shahar prokurori Bahriddin Valiyev Covid-19 bilan kasallangan bemorlarni qabul qila oladigan bir necha maskanlarni borib o‘rganishgan. 

«Jumladan, bugun ular Uchtepa tumanida joylashgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining yotoqxonasida bemorlarni davolash uchun tashkil etilgan joyni o‘rganib, davolash jarayonida qulayliklar yaratilishi borasida mutasaddilarga tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berishdi. 

Shuningdek, tuman mas'ullari bilan birga Chilonzor tumanida joylashgan «CARDIO STAR PLUS» MChJda 50 nafar bemor uchun zaxira koyka-o‘rinlari, u yerdagi shart-sharoitlar, davolanish uchun kerakli dori vositalari hamda uskunalar bilan jihozlanganligini o‘rgandilar.

Bundan tashqari, Toshkent shahar hokimi va mutasaddilar bilan birga Yunusoboddagi «O‘zekspomarkaz» maydonlarida koronavirusga chalingan bemorlarni joylashtirish uchun yaratilgan zaxira koyka-o‘rinlarni ko‘zdan kechirishdi», deyiladi Bosh prokuratura matbuot xizmati xabarida.

Bundan avvalroq Toshkent shahri hokimligi «O‘zekspomarkaz»da koronavirusga chalingan bemorlar uchun koyka-o‘rinlar tayyorlayotgani, bu koronavirusga chalingani gumon qilingan bemorlarga aniq tashxis qo‘yish va kasallik darajasini aniqlash, shuningdek, bemorlarga birinchi yordam ko‘rsatish va ularni klinikalarga taqsimlash markazi bo‘lishi haqida xabar qilingandi.

Top