17:43 / 20.07.2020
17509
Belarusdagi saylov: Minskda Lukashenkoning raqiblari birlashdi, mitingiga minglab kishilar yig‘ildi

Minskda Belarus prezidentligiga muxolif nomzod bo‘lmish Svetlana Tixanovskayaning ilk yirik mitingi bo‘lib o‘tdi. Uning tashviqot aksiyasiga bir necha ming kishi yig‘ildi - bu ushbu mamlakatda so‘nggi vaqtlarda muxolifatchilarning eng yirik chiqishi bo‘ldi.

Tixanovskaya o‘tgan haftada prezidentlikka nomzod sifatida tasdiqlangandi. Qonunchilikka ko‘ra, u endi tashviqot kampaniyasini olib borishi va saylovchilarga o‘z dasturi haqida so‘zlab berishi mumkin bo‘lgan. Aynan shu tufayli miting tashviqot piketi kabi o‘tdi va hukumat bunga ruxsat berdi.

Belarusda prezidentlik saylovlari 9 avgust kuni o‘tkaziladi, mamlakatni 1994 yildan buyon boshqarib kelayotgan amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko navbatdagi saylovlarga ham nomzodini ko‘rsatgan.

«Vesna» huquqni himoya qilish markazi ma'lumotiga ko‘ra, aksiyada 7,5 ming kishi ishtirok etgan. Markazning tvitterdagi sahifasida joylashtirilgan dron orqali olingan suratlar ham mitingning ko‘lami haqida tasavvur bera oladi.

Aksiya davomida Tixanovskaya belarus saylovchilari zarurat tug‘ilsa o‘z ovozi uchun kurashishga tayyor bo‘lishi kerakligini aytib o‘tgan. «Hukumat ovozlarni soxtalashtirishga urinadi, ammo biz bu safar o‘z ovozimizni nazorat qilishimiz mumkin. Xalq divanidan ko‘tarilishi va o‘z ovozini himoya qilishi kerak», - deya prezidentlikka nomzodning so‘zlarini keltirmoqda TASS agentligi.

Voqea joyidan translatsiya uyushtirmoqchi bo‘lgan OAV vakillarining ma'lum qilishicha, miting o‘tkazgan maydonda mobil internet signallari yo‘qolib qolgani haqida xabar qilgan shu tufayli jonli efirlar uzilib qolgan.

Asosiy raqib
Tixanovskayaning turmush o‘rtog‘i - mashhur bloger Sergey Tixanovskiy - may oyi oxiridan buyon tergov izolyatorida yotibdi, uni jamoat tartibini buzishda ayblashgan. Avvaliga uning o‘zi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmoqchi bo‘lgandi, ammo navbatdagi jonli efirlaridan biridan keyin uni qo‘lga olishgandi, natijada uning o‘rniga rafiqasi saylovlarda ishtirok etishini ma'lum qildi.

Tixanovskaya saylovni himoya qilishga to‘g‘ri kelishi mumkinligi haqida gapirdi

Tixanovskayaning prezidentlikka nomzod sifatidagi birinchi chiqishi tergov izolyatorida erining ustidan mazax qilishni bas qilish talabi bo‘lgandi. Advokatlarning xabar berishicha, Sergey Tixanovskiy hibs vaqtida uch marta karserga qamalgan - avvaliga u deraza tokchasida o‘tirgani uchun jazolangan; keyin soqchilar u joylashtirilgan kamerada o‘rgimchak ini topishgani uchun; uchinchi safar - soqoli qirtishlab olinmagani uchun.

Tixanovskaya endilikda prezidentlik saylovlarida Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘ladi. Amaldagi prezidentga jiddiy raqobat ko‘rsatishi kutilgan yana ikki nomzod saylovda qatnashmaydigan bo‘ldi - Belgazprombankning sobiq rahbari Viktor Babariko va Yuqori texnologiyalar parki asoschisi Valeriy Tsepkalo. Babariko ayni vaqtda o‘g‘li bilan panjara ortida o‘tiribdi - ularni iqtisodiy jinoyatlarda ayblashmoqda.

Yakshanba kuni Tixanovskaya o‘z turmush o‘rtog‘i haqida ham, boshqa muxolifatchilar haqida ham gapirdi.

«Hukumat Sergey Tixanovskiyni ro‘yxatdan o‘tkazishmadi, keyin Valeriy Tsepkalo va Viktor Babarikoni ham. Bilasizmi nega? Chunki ular bu insonlarda hokimiyatga tahdid ko‘rishgan. Ular o‘z hokimiyatlariga tahdid nomzodlarda emas, balki xalqda ekanini tushunishmaydi. Qo‘rquv va kamsitilish bu xalqning joniga tekkan», degan u Minskdagi aksiyadan biroz avvalroq Dzerjinsk shahrida uyushtirilgan piket vaqtida.

«Oq rang erkinlikni ifodalaydi»
O‘tgan hafta oxirida Tsepkalo va Babarikoning shtabi Tixanovskayaning nomzodini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi. Yakshanba kuni Minskda o‘tkazilgan piketda yana ikki ayolni ko‘rish mumkin edi, bular - Babarikoning shtabi rahbari Mariya Kolesnikova va Valeriy Tsepkaloning rafiqasi Veronika.

Veronika Tsepkalo muxolifat tarafdorlarini saylov kuni uchastkalarga oq bilaguzuk taqqan holda kelishga va bu orqali o‘z pozitsiyasini ochiq-oydin namoyish etishga chaqirdi.

«Oq rang erkinlikning, nimadir yangilik qilishning ramzidir. Shunday bilaguzuklarda bo‘lganlar amaldagi hokimiyatga qarshi bo‘lganlardir», deya Tsepkaloning so‘zlarini keltirgan «Interfaks» agentligi.

26 yildan buyon Belarusda hokimiyat tepasida qolayotgan amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko mamlakat aholisining katta qismining qo‘llab-quvvatloviga egaligini ta'kidlashda davom etmoqda, holbuki ijtimoiy so‘rovlar buning aksini ko‘rsatadi.

Aleksandr Lukashenko Tixanovskayaning nomzodligi haqida fikr bildirib, bu ish ayollar uchun emasligini aytgan. «Bizning konstitutsiya shundayki, bu ish hatto erkaklar uchun qiyin. Bizda jamiyat ayol kishi uchun ovoz berish darajasida pishgani yo‘q», degan Lukashenko. Shu bilan birga, ayollarni hurmat qilishini qo‘shimcha qilgan. «Agar ayollar bo‘lmaganida, men prezident bo‘lmasdim», degan u.

Yakshanba kuni Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont prezident shifoxonaga yotqizilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

«Buni kutmang», - dedi u «Exo Moskva» efirida 17 iyul kuni Lukashenko Minskda Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashuvdan keyin shifoxonaga yotqizilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarga izoh berib.

BBC muxbiri voqea joyidan xabar berishicha, yakshanba kuni Minskdagi miting joyida formadagi militsiya xodimlari ko‘rinmagan. Shu bilan birga, tashkilotchilar kelganlardan maydonda ikki soatdan ortiq vaqt davomida qolmaslikni so‘ragan - hukumat tadbir uchun aynan shuncha vaqt bergandi.

Mitingdan keyin odamlar tarqala boshlashgan, Minsk ko‘chalaridagi mashinalar ularni olqishlab, signal chalishgan.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Top