00:32 / 20.07.2020
49978
«G‘ofur G‘ulom» bog‘i ustav fondi 700 dollar bo‘lgan Singapur kompaniyasiga yarim asrga ijaraga berilgan. «Investor» – O‘zbekiston fuqarosi
Foto: G‘afur G‘ulom bog‘i

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi «G‘afur G‘ulom» nomli madaniyat va istirohat bog‘i o‘rnida yangi turar-joy majmualari barpo etilishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Toshkent shahar hokimligi bunga munosabat bildirib, bog‘i o‘rnida turar-joy majmuasi qurilmasligini ma'lum qilgandi.

Shu bahona jamoatchilik bog‘ kimga, qaysi asosga ko‘ra berilganini ham bilib oldi. Shahar hokimligining munosabatida aytilishicha, umumiy yer maydoni 13,99 gektar bo‘lgan «G‘afur G‘ulom» nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 avgustdagi 670-F-sonli farmoyishiga muvofiq, Singapurning «BMP Smart Decision Private Limited» kompaniyasiga zamonaviy ko‘ngilochar maskan barpo etish uchun ijara huquqi asosida 49 yil muddatga ajratib berilgan.

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Singapurning «BMP Smart Decision Private Limited» kompaniyasi ta'sischilariga oid ma'lumot tarqaldi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu kompaniya Singapur davlatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, uning ta'sischisi – O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida yashovchi Halimov Sherzoddir.

Kompaniyaning ustav fondi miqdori 1000 singapur dollari (taxminan 720 AQSh dollari)ni tashkil qiladi. Kompaniya 2019 yil 13 fevralda ta'sis etilgan.

Xorijiy investor deya aytilayotgan kompaniyaning egasi asli O‘zbekiston fuqarosi ekani va kompaniya ustav jamg‘armasi o‘n million so‘mga ham yetmasligi bu kompaniyaning jami 10 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritishiga shubha tug‘dirmoqda va jamoatchilikning e'tiroz va tanqidlariga uchramoqda.

Bundan bir yil avval, aynan o‘sha xorijiy kompaniya vakili sifatida o‘zini tanishtirgan Sherzod Halimov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning aholi bilan uchrashuvi boshqacha yakun topgandi. Ya'ni shahar hokimi istirohat bog‘ini hokimiyat mablag‘lari evaziga ta'mirlatib, yangi qiyofani birgalikda yaratish taklifini kiritgan. Shuningdek, «xalqniki bo‘lgan bog‘ xalqda qolishi» ta'kidlangandi.

Oradan bir oz vaqt o‘tib, aytilgan so‘zlar unutildi va ochiq manbalarga joylashtirilmagan hukumat farmoyishi asosida bog‘ shubhali kompaniyaga taqdim etilmoqda. Singapurda yangi tashkil etilgan kompaniya qaysi mezonlar asosida tanlab olingani noma'lum.

Bunga qadar, Chexiyaning «IMP NEW PAY» kompaniyasi Toshkent shahri markazidagi Matbuotchilar ko‘chasidagi 0,23 gektar maydonda qurilish boshlagani bildirilgan edi. Ustav kapitali 39 dollarni tashkil etgan chex kompaniyasi ta'sischisi ham O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi.

Top