22:03 / 20.07.2020
6754
Isroil «Gazprom» o‘rniga Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berishi mumkin

Isroil hukumati Yevropa mamlakatlari bilan gazoprovod qurish haqidagi kelishuvni ma'qulladi.

Foto: Vitaliy Nevar/TASS

Reuters xabariga ko‘ra, Isroil Yevropaga tabiiy gaz yetkazib berishda Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi o‘rnini egallashi mumkin.

Eastmed deb nomlangan gazoprovod O‘rtayer dengizi tubidan o‘tkaziladi va Kipr, Gretsiya, Italiya va boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berishda foydalaniladi. Uning loyiha qiymati 6 milliard yevroga baholanmoqda va qurilish ishlari 2025 yilda boshlanishi rejalashtirilyapti. Gazoprovod orqali yiliga 10 milliard kubometr gaz yetkazib beriladi. Bu quvvat 2 barobar oshirilishi ham mumkin. 

Yevropa komissiyasi loyihani texnik-iqtisodiy asosini tayyorlashga 35 million yevro mablag‘ ajratdi. 

«Qurilish haqidagi bitimning imzolanishi Isroilni energoresurs eksportyoriga aylantiradigan tarixiy voqea bo‘ldi», — dedi mamlakat energetika vaziri Yuval Steynits. Avval Isroil gazni faqat import qilib kelayotgan edi.

Yil boshidan beri «Gazprom»ning Yevropaga gaz yetkazib berish hajmi 20 foizga qisqargan. Talabning pasayishi va Yevropadagi gaz zaxiralarining to‘lib ketishi natijasida resurs narxi pasaygan. Natijada, «Gazprom»ning Yevropaga gaz yetkazib berishi foydasiz bo‘lib qolgan.

Isroil Leviathan konidan gaz qazib olmoqda, uning zaxiralari 621 milliard kubometrga baholangan. 

2017 yil dekabr oyida Kipr, Gretsiya, Italiya va Isroil uzunligi 2000 km.ga teng bo‘lgan EastMed gazoprovodini qurish haqida kelishib olishgan edi. Bu gazporovd Leviathan konini Kiprning Aphrodite (zaxirasi 130 milliard kubometr) koni bilan bog‘laydi va Yevropa bozoriga chiqish imkonini beradi.

Top