00:27 / 20.07.2020
34217
Koronavirus: dunyoda rekord o‘sish, Britaniya karantinga qaytishga ikkilanmoqda

JSST ma'lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 24 soat ichida koronavirus yuqtirib olganlar soni deyarli 260 mingga ortgan - bu pandemiya davridagi rekord o‘sishdir.

Foto: Reuters

Kunlik yangi holatlar miqdori ilk marta chorak milliondan ortdi.

Butun dunyo bo‘ylab 600 mingdan ortiq inson koronavirus qurboniga aylangan. Ularning deyarli to‘rtdan biri AQSh hisobiga to‘g‘ri keladi.

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, epidemiya boshlanganidan hozirgi kunga qadar umumiy hisobda 14,3 mln kishi yangi turdagi koronavirusni yuqtirib olgan. Yangi shikastlanish holatlarining aksar qismi AQSh, Braziliya, Hindiston va Janubiy Afrikada kuzatilgan. 

So‘nggi bir kunda dunyo bo‘ylab 7360 kishi koronavirus qurboni bo‘ldi - bu 10 may sanasidan beri kuzatilgan eng ko‘p kunlik o‘lim ko‘rsatkichidir.

JSST bundan avvalgi kunlik o‘lim darajasi rekordini atigi bir kun avval qayd etgandi.

Britaniya yana karantinga qaytadimi?
Bosh vazir Boris Jonson Covid-19'ning yangi to‘lqini yuzaga kelgan taqdirda butun mamlakat bo‘ylab navbatdagi karantin joriy etishni istamasligi haqida gapirdi.

Sunday Telegraph gazetasiga bergan intervyusida u mahalliy hokimiyatlar kuchlariga nisbatan ishonchini ifodalagan va umummilliy lokdaun faqat o‘ta og‘ir holatda joriy etilishini ma'lum qilgan.

Avvalroq Boris Jonson mamlakatning odatiy hayotga Rojdestvo bayramigacha qayta olishiga ishonch bildirgandi.

Hukumat mahalliy boshqaruv organlarining yangi avj olish holatini to‘xtatish uchun o‘z hududida muayyan cheklovlar kirita olish imkoniyatiga umid bog‘lamoqda. Mahalliy hokimiyat savdo-sotiqni to‘xtatish, tadbirlarni bekor qilish, parklar va boshqa jamoat joylarini berkitish huquqiga ega.

Ayni vaqtda epidemiologlar bosh vazirning nekbinligiga qo‘shilmayapti. Britaniya hukumatining bosh ilmiy maslahatchisi Patrik Vallansning aytishicha, qishda mamlakat yanada jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi va umummilliy karantinga yana ehtiyoj tug‘ilishi xavfi mavjud. 

Seshanba kuni e'lon qilingan hisobotga ko‘ra, kelayotgan qishda Britaniyada koronavirusning ikkinchi to‘lqini taxminan 120 ming kishining hayotiga zomin bo‘lishi mumkin va agar epidemiya eng yomon ssenariy bo‘yicha rivojlansa raqam 250 minggacha o‘zgarishi taxmin qilinmoqda.

Yangi holatlar soni ko‘paygan hududlar
AQShda Covid-19'ning shiddatli avj olishi karantin joriy etilishi va niqob kiyish majburiy etib belgilanishi uzoq vaqtdan beri ortga surib kelingan janubiy shtatlar - Florida, Texas va Arizonada kuzatilmoqda. 

Florida hozirda AQShda epidemiya o‘chog‘i bo‘lib turibdi, u yerda 337 mingdan ortiq odam infeksiyalangan va koronavirus tufayli 5 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan. 

Hindiston koronavirusning tasdiqlangan holatlari bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda bo‘lishiga qaramay, olimlarning ogohlantirishicha, mamlakatda kasallikning pik davri hali o‘tib ketmagan va bu bir necha oydan keyin kuzatilishi mumkin. Kun davomida Hindistonda 35 mingga yaqin yangi shikastlanish holatlari va Covid-19 bilan bog‘liq 670 o‘lim qayd etildi. 

G‘arbiy Yevropa mamlakatlarining katta qismi virus tarqalishini nazorat ostiga olishni uddalamoqda, ular chegaralarni ochish va biznesni davom ettirishda davom etmoqda.

Biroq, Ispaniyada mahalliylashgan avj olishlar kuzatilyapti - ularning eng kuchlisi mamlakat shimolida, Kataloniyada. Ushbu hududda bir kunda 1000dan ortiq yangi bemorlar aniqlandi. Barselona va uning atrofidagi tumanlarning to‘rt milliondan ortiq aholisi 15 kun davomida uyda qoladi.

YeIning iqtisodiy tiklanish rejalari
Yakshanba kuni Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasida koronavirus epidemiyasidan zarar ko‘rgan iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli rejalar muzokaralarining uchinchi kuni bo‘lib o‘tmoqda.

Hozirda ushbu reja bo‘yicha rahbarlar o‘rtasida kelishuv mavjud emas. Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte muzokaralarni boshi berk ko‘chada deb hisoblayotgan bir paytda Avstriya kansleri Sebastyan Kurs ular to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganiga ishonmoqda. 

Niderlandiya va Shvetsiya kabi nisbatan tejamkor davlatlar muhokama qilinayotgan 750 milliard yevro paket grant xarakterida emas, zayom bo‘lishi kerak, deb ta'kidlamoqda. Muzokaralar yakshanba kuni davom etadi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top