00:17 / 20.07.2020
18664
Koronavirusdan davolanishda parhez qanday bo‘lishi kerak? Mutaxassis javob berdi

Virusologiya instituti ilmiy xodimi, tibbiyot fanlari nomzodi Ra'no Qosimova COVID-19 bemorlari taomnoma masalasida nimalarga e'tibor berishlari kerakligini sanab o‘tdi.

«Bemor kun davomida taxminan 3 litr – har 15-20 daqiqada 1 piyoladan suv ichishi kerak. Suv ichgim ham, ovqat yegim ham kelmayapti, deydigan bemorlar ham bo‘ladi. Bu tabiiy. Chunki bu vaqtda organizmda intoksikatsiya jarayoni kuzatiladi. Lekin bemor o‘zini majburlab bo‘lsa ham ovqatlanishi, har ikki soatda oz-ozdan, kun davomida 6 mahal taom iste'mol qilishi kerak.

Ishtaha bo‘lmasa, og‘iz qurisa yoki ta'm bilish qobiliyati yo‘qolsa, limon singari achchiq mahsulotlardan ishtaha ochish uchun foydalanish mumkin.

Koronavirusdan davolanishda ovqatdan cheklovlar mavjud emas. Asosiysi, bemor yaxshi ovqatlanishi, oqsilli taomlar yeyishi kerak. Oqsil bu – immunitet. Interferon, virus bilan kurashuvchi tanachalar oqsildan iborat. Bemor oqsil qabul qilmasa, immunitet ham rivojlanmaydi», – dedi mutaxassis «Tez yordam» dasturidagi chiqishida.

Shuningdek, bemorlarga imkon qadar shamollatilgan xonada bo‘lish tavsiya qilindi.

«Bemor imkoni bo‘lsa, oila a'zolarini xavfga qo‘ymagan holda hovlida, toza havoda harakatlanishi mumkin. Imkon bo‘lmasa, xonani tez-tez shamollatib turish kerak. Chunki bemor har gal nafas chiqarganda virusli havo hosil qiladi.

Shuningdek, hozirgi jazirama kunlarda, ustiga-ustak isitma bo‘lgan bemorga qulaylik yaratish uchun konditsionerdan foydalanish mumkin. Bunda konditsioner haroratini 26-28 darajadan oshirmaslik, vaqt-vaqti bilan xonani shamollatish tavsiya etiladi», – dedi Ra'no Qosimova.

Mavzu
COVID-19: Foydali ma'lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Top