23:49 / 20.07.2020
20834

Reportaj: ‘Koykalar paviloniga’ aylangan «O‘zekspomarkaz»

19 iyul kuni Toshkent shahrining uch hududida – O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti yotoqxonasida, Chilonzor tumanidagi xususiy klinikada va «O‘zekspomarkaz»da koronavirusga gumon qilingan fuqarolarni qabul qilish maskanlari tashkil etilgani haqida xabar berildi.

Bildirilishicha, bu maskanlar koronavirusga chalinganlikda gumon qilinayotganlarni vaqtincha saqlab turish, kasallik tasdiqlangan taqdirda davolash uchun tibbiyot muassasasiga yo‘naltirishga mo‘ljallangan.

Kun.uz muxbiri «O‘zekspomarkaz»da bo‘lib, ehtimoliy bemorlarni vaqtincha saqlash joyidan reportaj tayyorladi.

Markazda koronavirusga gumon qilinayotgan fuqarolarni vaqtincha saqlab turish uchun 500ta koykadan iborat joy hozirlangan. Bu yerda fuqarolarga zaruriy birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Furqat Mahmudxo‘jayev markaz faoliyati haqida ma'lumot berdi.

– 15 iyul kuni davlat rahbari boshchiligidagi videoselektorda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus tarqalishining oldini olish choralarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi. Shundan so‘ng bir necha kun ichida Toshkent shahri tibbiyot tizimining moddiy-texnik bazasini yaxshilash choralari ko‘rildi.

Xususan, «O‘zekspomarkaz» pavilonlaridan biri COVID-19’ga gumon qilinayotganlarga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun moslashtirildi.

Odamlar o‘zlarida koronavirus alomatlarini seza boshlasa, tez yordamga murojaat qilyapti. Yo‘tal, isitma kuzatilgani bilan bu COVID-19 bo‘lmasligi mumkin, lekin ularga aniq tashxis ham qo‘yilishi kerak. Ularni koronavirus tashxisi aniq bo‘lganlardan alohida ajratib olish maqsadida bu yerga olib kelinadi, bir necha soat ichida tashxis aniqlashtiriladi. COVID-19 tasdiqlansa, tibbiyot muassasasiga yuboriladi, ahvoli yaxshi bo‘lsa, uyiga boradi.

Shuni nazarda tutish kerakki, tez yordamni chaqirganda bemorda koronavirus borligi aniq bo‘lsa, ular to‘g‘ridan to‘g‘ri shifoxonaga olib boriladi, – dedi hokimlik rasmiysi.

Markazga keltirilgan har bir fuqaroning kislorod bilan ta'minlanishi uchun sharoit yaratilgan – mis quvurlar orqali tortib kelingan kislorod zarurat bo‘lganda apparat orqali bemorga ulanadi.

«Odamlar kasallik keskin ko‘paydi, deb vahimaga beriladi. Ammo joy yetarli, dorilar yetarli.

Dam olish kunlari – 18-19 iyulda odamlarning qat'iy karantinga amal qilib, uydan chiqmay o‘tirgani yaxshi natija beradi. Keyingi hafta ham shunga amal qilishsa, samara bo‘ladi.

Hokimlar o‘z xatosini tushunib, ishga kirishdi. Yomon tomoni shundaki, tashabbus davlat rahbaridan chiqishini kutishdi. Tashabbus qilishdan cho‘chish kerak emas», – deydi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Jamshidxon Ziyoxonov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top