22:25 / 20.07.2020
31431
Rossiya va O‘zbekiston hamkorlikda loukoster tashkil etish imkoniyatini muhokama qildi

Joriy yil fevralida Uzbekistan Airways AJ va Uzbekistan Airpors AJ O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish sohasidagi islohotlar yuzasidan bayonot bilan chiqqandi.

Rossiya va O‘zbekiston yo‘lovchi va yuklar tashish uchun qo‘shma loukoster tashkil etish imkoniyatini muhokama qildi, deb xabar berdi Rossiya transport vazirligi. 

Xabarda aytilishicha, 20 iyul kuni video-konferens-aloqa tarzida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning transport sohasidagi hamkorlik komissiyasi ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Rossiya tomoni vakillariga mamlakat transport vazirining birinchi o‘rinbosari, Rosaviatsiya rahbari Aleksandr Neradko, O‘zbekiston tomoniga O‘zbekiston transport vaziri Elyor G‘aniyev rahbarlik qildi.

"Tomonlar havo transporti sohasidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratgan holda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdi. Ikki mamlakat o‘rtasida parvozlar sonini oshirish hamda yo‘lovchi va yuklar tashish uchun Rossiya-O‘zbekiston loukost aviatashuvchisini tashkil etish imkoniyati muhokama qilindi", - deyiladi xabarda.

Joriy yil fevralida Uzbekistan Airways AJ va Uzbekistan Airpors AJ O‘zbekiston fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish sohasidagi islohotlar yuzasidan bayonot bilan chiqqandi.

Bayonotda jumladan, “Aviatsiya sohasida raqobat muhitini kengaytirish, mamlakatimiz ichki yo‘nalishlari va Markaziy Osiyo mintaqasi yo‘nalishlarida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish ehtiyojlarini qondirish maqsadida yangi Humo Air aviakompaniyasini tashkil etish ishlari olib borilmoqda”, deyilgandi.

Top