13:29 / 20.07.2020
7923

Toshkentda «Tez yordam»ga kunlik chaqiriqlar uch baravar oshgan

Pandemiyagacha bo‘lgan davrda Toshkent shahrida boshqa kasalliklar bilan shikoyat qiluvchilar ko‘paysa ham, kunlik chaqiruvlar soni 2 mingdan oshmagan.

Bugun, 20 iyul kuni xalqaro press-klubning navbatdagi sonida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Habibullo Oqilov «Tez yordam» chaqiruvlari ko‘paygani haqida ma'lumot berdi.

Oxirgi 2-3 kunda qilingan ishlar tufayli Toshkent shahri bo‘yicha 1003 raqami uchun ajratilgan liniyalar soni 3 baravar, qo‘ng‘iroqlarga javob berayotgan xodimlar soni esa 2 baravarga ko‘paytirilgan. Chaqiriqlarga boradigan mashinalar soni esa 2,5 baravarga oshirilgan. Bundan tashqari, yana 50ta «Tez yordam» mashinalari qo‘shilishi rejalashtirilmoqda.

«Pandemiyagacha bo‘lgan davrda ham Toshkent shahrida boshqa kasalliklar bilan shikoyat qiluvchilar ko‘paysa ham, kunlik chaqiruvlar soni 2 mingdan oshmasdi. Hozir esa kamida 6-6,5 ming chaqiruvlar bo‘lmoqda. Shuning uchun ham raqamlar oshishi bilan, dastlab, uzilishlar bo‘ldi.

Lekin hozir muammolar hal qilinayotgani tufayli qo‘ng‘iroqlarga, albatta, javob bo‘lyapti. Agar «Tez yordam» borishi kerak bo‘lsa, albatta, chaqiruvlarga asosan, mashinalar yetib bormoqda», dedi Habibullo Oqilov press-klub sessiyasida.

U pandemiya boshida koronavirusga ishonmaslik holatlari ko‘p bo‘lgani uchun odamlarni xavotirga solishga harakat qilingani, endi esa ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlar ta'sirida mushaklarida ozgina og‘riq sezgan yoki holsizlangan odamlardan ham ko‘p chaqiriqlar qayd etilayotganini aytib o‘tdi.

«Shundoq ham qiyin sharoitda ishlayotgan «Tez yordam»ga ozgina yengillik yaratish uchun bu kabi yondosh shikoyatlar bilan fuqarolar bilan oilaviy shifokorga murojaat qilishsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Toshkent shahridagi har bir oilaviy poliklinikaga 10tadan mobil telefonlar ham berildi. Ularning raqamlari o‘sha hududda yashovchilar uchun e'lon qilingan. Bundan tashqari, hozir oilaviy poliklinikalarga rentgen apparatlari ham qo‘yilmoqda», deya ma'lumot berdi shtab a'zosi.

Top