14:00 / 20.07.2020
25517

Uyida davolanayotgan bemorlar uchun bepul dori-darmon tarqatish tartibi haqida ma'lumot berildi

Har bir oilaviy poliklinikada maxsus mobil guruhlar tashkil qilingan. Bu guruhlar bemorning tibbiy ahvolini aniqlashtirib, unga bepul dori-darmonlar to‘plamini yetkazib beradi.

Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov koronavirusga chalinib uyida davolanayotgan bemorlar uchun bepul dori vositalari qay tartibda berilishi haqida ma'lumot berdi. Uning qayd etishicha, ayni paytda koronavirusga chalinib, uyda davolanayotgan bemorlar uchun taxminan 50 ming dori-darmonlar to‘plami tayyorlangan. Bu dorilar to‘plamini barcha poliklinikalar tarqatishi mumkin.

«Buning uchun har bir oilaviy poliklinikada maxsus mobil guruhlar tashkil qilingan. Bu guruhlar bemorning tibbiy ahvolini aniqlashtirib, unga bepul dori-darmonlar to‘plamini yetkazib beradi.

Bugun-erta bu to‘plamlar barcha hududlarga yetkaziladi», dedi Bosh davlat sanitariya inspektori.

Avvalroq Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Feruza Hamroboyeva « Covid-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda qo‘llanadigan dori vositalari to‘plami» bo‘yicha batafsil ma'lumot bergandi.

Mazkur to‘plamdan o‘rin olgan dorilardan biri gidroksixloroxin bitta konvalutadan tashkil topgan va har bir tabletka 200 mg.dan. Gidroksixloroxin dori vositasi kuniga 2 mahal bitta tabletkadan ovqat vaqtida qabul qilinadi. Dorini qabul qilish davomiyligi 2 kundan 5 kungacha hisoblanadi.

Keyingi dori vositasi azitromitsin sanaladi. Bu dori makrolidlar guruhiga kiradi. Makrolidlar esa antibakterial vositalarga mansub va kuchli ta'sirga ega. Azitromitsin ovqatdan 1 soat oldin yoki ovqatdan 2 soat keyin kuniga bir mahal 3-5 kun davomida qabul qilinadi. Azitromitsinning bitta tabletkasi dozasi 250 mg., bu bolalar uchun tavsiya etilgan doza hisoblanadi. Shuning uchun katta yoshdagilar azitromitsinni 2ta tabletkadan qabul qiladi.

To‘plamdagi keyingi dori – paratsetamol. Uni faqatgina isitma tushirish uchun emas, balki og‘riq qoldirish uchun ham iste'mol qilish mumkin. Koronavirus bemorlari uchun esa paratsetamol tana harorati ko‘tarilganida kuniga bir mahal to‘q qoringa ichish tavsiya qilinadi. Agar dori to‘q qoringa ichilmasa, oshqozon shilliq qavatiga salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Bundan tashqari, uyda davolanayotgan bemorlarga kukun shaklidagi S vitamini – askorbinka ham beriladi. Bu vitamin organizmning kasallikka qarshi kurashuvchanligini oshiradi. Vitaminni suvda eritib, kuniga bir necha marta ichish mumkin. 

Top