08:16 / 20.07.2020
5054

Yaponiya Marsga BAAning «Al-Amal» kosmik zondini uchirdi

Missiyaning asosiy vazifasi - Marsdagi atmosfera va iqlimni o‘rganish.

Yaponiyaning H-IIA raketa tashuvchisi BAAning «Al-Amal» («Umid») kosmik zondi bilan Marsni o‘rganish uchun dushanba kuni Tanegasima orolidagi kosmodromdan uchirildi. Parvoz Mitsubishi Heavy Industries korporatsiyasi tomonidan jonli efirda namoyish etildi.

Uning ma'lumotlariga ko‘ra, parvozga chiqarish muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Qurilma raketa tashuvchidan 430 km balandlikda ajralib chiqdi hamda belgilangan trayektoriya bo‘ylab harakatlanishni davom ettirdi.

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli «Al-Amal» zondini jo‘natish ikki marta qoldirilgandi. Yaponiyada bir haftadan ko‘proq vaqt davomida kuchli yomg‘ir yog‘ib, mamlakat janubi-g‘arbiy qismida ko‘chkilar va toshqinlar yuz berdi.

1350 kg og‘irlikdagi qurilma BAA Fazo agentligi, Muhammad bin Rashid nomidagi Kosmik markaz va Amerikaning uchta universiteti bilan hamkorlikda yaratilgan. U ikkita quyosh batareyasi, yuqori aniqlikdagi ko‘p kanalli kamera, infraqizil va ultrabinafsha spektrometrlar bilan jihozlangan.

Missiyaning asosiy vazifasi - Marsdagi atmosfera va iqlimni o‘rganish. Xususan, «Al-Amal» zondi yordamida olimlar sayyoradagi kunlik va mavsumiy ob-havo sikllarini, shuningdek ob-havoga katta ta'sir ko‘rsatadigan chang bo‘ronlarini kuzatadilar. Olingan ma'lumotlar yordamida mutaxassislar Mars atmosferasi uning mavjudligi davrida qanday qilib keskin o‘zgarishlarga duch kelganligini aniqlashi kutilmoqda.

Zond Marsga 2021 yilda, BAA o‘zining 50 yilligini nishonlaydigan vaqtda yetib borishi kutilmoqda. Qurilma bir Mars yili (Yerdagi 687 kun) davomida sayyora orbitasida qolishi taxmin qilinyapti.

Mavzuga oid
Top