17:20 / 20.07.2020
14369
YeI sammitida davlatlar rahbarlari bir-birlari bilan janjallashib ketdi

Emmanuel Makron stolga mushtlagan va Fransiya muzokaralarni tark etishini aytib tahdid qilgan.

Foto: AP

Bryusseldagi YeI sammitida Yevropadagi davlatlar rahbarlari bir-birlari bilan dahanaki jang qilishgacha bordi, deb yozadi Britaniya OAV.

 To‘rt kundan beri davom etayotgan sammitda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutteni shaxsiy adovatda va moliyaviy yordamni siyosiy masalalarga aralashtirishda aybladi. 

 "Gollandiyalik aybdor. U bizni nega yomon ko‘rishini bilmayman", - dedi Orban. O‘z navbatida Bolgariya yetakchisi Boyko Borisov ham uni qo‘llab-quvvatladi va Ryutte o‘zini "Yevropa politsiyachisidek" tutayotganini aytdi.

Italiya bosh vaziri Juzeppe Konte ham Ryutteni tanqid qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ryutte o‘z mamlakatida qahramonlardek ko‘rinishni xohlayapti, YeIdagi hamkorlar muammolarining esa unga qizig‘i yo‘q.

 Niderlandiya, Shvetsiya, Daniya, Avstriya va Finlyandiya subsidiyalar uchun 375 mlrd yevrodan ortiq mablag‘ ajratilishiga qarshi. Koronavirus oqibatlaridan ko‘proq jabr ko‘rgan Ispaniya va Italiya subsidiyalar 400 mlrd yevrodan kam bo‘lmasligini talab qilmoqda.

 BBC News yozishicha, dushanba kuni Emmanuel Makron stolga mushtlagan va Fransiya muzokaralarni tark etishini aytib tahdid qilgan. U avvalroq telefon qo‘ng‘irog‘iga javob berish uchun muzokaralarni tark etgan Avstriya kansleri Sebastyan Kursni tanqid qilgan.

"Ko‘ryapsizlarmi? Unga baribir. U boshqalarga quloq solmaydi. U matbuotga yoqsa bo‘ldi", - degan Makron.

Dastlab Makron va Germaniya kansleri Angela Merkel subsidiyalar uchun 500 mlrd yevro ajratilishini taklif qilgandi.

Top