18:20 / 21.07.2020
32782

COVID-19 va O‘RVI o‘rtasidagi 4ta asosiy farq ma'lum qilindi

O‘tkir respirator virusli kasalliklar va COVID-19 isitmaning kechishi, o‘pkaning holati, qondagi kislorod darajasining o‘zgarishi jihatidan farqlanadi.

Foto: Sergey Malgavko

«O‘zbekiston-24» telekanalida uzatilayotgan «COVID-19: savol-javob» ko‘rsatuvida Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti dotsenti Dilfuza Hasanova koronavirus va o‘tkir respirator virusli kasalliklar (O‘RVI) o‘rtasidagi asosiy farqlarni sanab o‘tdi.

«Gripp va shamollash singari o‘tkir respirator virusli kasalliklar hamda COVID-19’ning kechish jarayonlari juda ham o‘xshash. Shunga qaramay, ular o‘rtasidagi bir necha asosiy farqlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.

Hid va ta'm bilmaslik simptomi – COVID-19’ning asosiy belgilaridan biri hisoblansa, O‘RVIda bu belgilar nisbatan kam kuzatiladi.

Koronavirusda tana harorati 3-4 kun davomida 37 daraja atrofida bo‘lib, muolajalar to‘g‘ri qilinmasa, harorat ko‘tarilishda davom etadi va xavfli tus ola boshlaydi. O‘RVIda esa yotoq rejimiga rioya qilinsa, ko‘p suyuqlik ichilsa, isitma 3-4 kunda o‘tib ketadi.

Saturatsiya (kapillyar tomirlarning kislorod bilan to‘yinish darajasi) koronavirusda 95 foizdan pasayib ketishi mumkin, boshqa respirator kasalliklarga bu xos emas.

Yana bir farq – o‘pka holatining tomografik tekshiruvi bilan bog‘liq. COVID-19’da o‘pka tekshirilganda, bug‘li oyna simptomi hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin, shamollash va grippda bunday o‘zgarish sodir bo‘lmaydi», – deya mutaxassisning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzu
COVID-19: Foydali ma’lumotlar
COVID-19 profilaktikasi, simptomlari, davo choralari va mutaxassislar tavsiyalari
Barchasi
Top