17:00 / 21.07.2020
13287
«Himoya vositalari berishmayapti, bemorlarga yaqinlashgani qo‘rqamiz» - jizzaxlik shifokor

Kun.uz`ga COVID-19 kasalligiga oid turli vaziyatlar bilan bog‘liq murojaatlar kelishda davom etmoqda. Ulardan birida Jizzax shahridagi oilaviy poliklinika shifokori o‘z hududidagi holat haqida yozib yuborgan.

Foto: Getty Images

– Jizzax shahrida COVID-19 tarqalishi avjiga chiqdi. Ishxonamizdagi ko‘p shifokorlarda infeksiya aniqlandi. Eng yomoni, shifoxonamizda himoya kiyimlari umuman yo‘q. Qo‘lqop va niqoblarni ham o‘z mablag‘imizga sotib olyapmiz. Bosh shifokor bu masalada bizni eshitishni ham xohlamaydi.

Hozirda men uchun ajratilgan mahalla hududida 10ta oila karantinga olingan. Borishga ham qo‘rqaman. Kasallar «bizni tekshirmaysizlarmi, qanaqa shifokorsizlar» deb janjal qilishadi. Boshqa ilojim yo‘q axir. Himoya kiyimi bo‘lmagach, ularga yaqinlashish xavfli.

O‘z mablag‘imizga 55 ming so‘mdan 2 marta himoya kiyimlari, niqob va qo‘lqop sotib oldik. Oylik ish haqim 1,2 mln so‘m. Mayli deb shu vaqtgacha rozi bo‘lib ishladik. Endi vaziyat jiddiylashmoqda.

Bizga ham xavfsizligimiz uchun himoya vositalari berishsin. Mutasaddi tashkilotlarga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik. Mablag‘ yo‘q hozircha, deyishdi.

Poliklinikamizda 6 nafar yosh shifokor bor. Ular shifoxonadagi ishlaridan tashqari, yoshi kattaroq bo‘lgan shifokorlarimizning hududlariga ham borishga majbur bo‘lishyapti. Bizning shahar poliklinikalariga shifokorlar ham yetishmaydi. Iloji bo‘lsa, tibbiyot yo‘nalishida o‘qigan yosh kadrlardan yordam kuchlari jo‘natilsa, yaxshi bo‘lar edi.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz avval ham koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan tibbiyot vakillari zaruriy vositalar bilan ta'minlanmayotgani haqida bir necha marta xabar bergan edi. Ammo ushbu maqolalarga munosabat bildirilganicha yo‘q.

Top