08:17 / 21.07.2020
7430

Ichkilik, beparvo mas'ullar, uchinchi shaxslar aralashuvi: oilalar darz ketishiga nimalar sabab bo‘lmoqda?

Har doim dolzarb muammo – ayollarning zo‘ravonlikka uchrashi masalasi pandemiya davrida yanada qaltis tus olishi mumkinligi prognoz qilingan edi. Global karantinning birinchi bosqichidayoq hatto ayollar huquqlari yuqori darajada ta'minlangan davlatlar, xususan AQSh, Germaniya, Avstraliya, Fransiya kabilarda ham uy zo‘ravonligi qurbonlari soni keskin oshgani kuzatildi.

Bu holat O‘zbekistonni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Mamlakatda karantin choralari joriy etilgach, aksariyat aholi iqtisodiy taranglik sharoitida uyda qolishga majbur bo‘lgan holatda xotin-qizlarning o‘z turmush o‘rtoqlari va boshqalar tomonidan tazyiqqa uchrash ehtimoli ortdi.

Shuni nazarda tutgan holda Respublika gender komissiyasi huzurida ayollarga huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatuvchi «Ishonch telefoni» faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, faqatgina 10 apreldan 21 maygacha bo‘lgan davrda ushbu manzilga 830ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning aksariyatini ayollarga oilada (asosan turmash o‘rtog‘i, ba'zida oilaning boshqa vakillari tomonidan) iqtisodiy, ruhiy va jismoniy tazyiqqa uchrashi tashkil etadi.

Quyida «Ishonch telefoni»ga murojaat qilgan, oilada zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarning hayotlaridan lavhalar jamlandi. Zora ular boshqalar uchun ibrat bo‘lsa, ogohlikka chorlasa (qahramonlarning ism-shariflari o‘zgartirilgan).

Uchinchi shaxslar aralashuvi

Katta orzular bilan turmushga chiqqan Saodat erining ko‘pchilikdan iborat oilasida yashay boshladi. Uy kichkina, oila katta. Kelinchakka oilaning har bir a'zosining injiqliklarini bajo qilish majburiyati yuklangan. Tez orada o‘z farzandlari dunyoga kelgach, Saodatning yumushlari ikki hissaga ortdi. Kelinning xizmatlaridan norozi bo‘lgan qaynona shundoq ham ko‘nglidagidek ish topa olmay asabiy bo‘lib yurgan o‘g‘lini qayray boshladi. Kichik muammolardan boshlangan janjallar qo‘l ko‘tarish, «musht bilan tarbiyalab qo‘yish»ga ulana boshladi. Achinarlisi, kaltaklarga qaynona ham o‘z «hissasini» qo‘shib turardi.

Saodat hammasiga chidar, sabrim, mehnatim bilan turmush o‘rtog‘im va oilamning hurmatini qozonaman, degan umidda yashardi. Oiladagi tarang vaziyatdan mahallaning xabari yo‘q, Saodat uyning gapini tashqariga chiqarishni istamasdi. Ammo 17 aprel kungi navbatdagi janjal hammasidan oshib tushdi. Arzimas norozilikdan boshlangan janjal erning Saodatga qo‘l ko‘tarishiga sabab bo‘ldi, janjal qaynonaning ham qo‘lda tayoq bilan kaltaklashiga ulandi.

Saodat Nishon tumanidagi shoshilinch tibbiy yordam bo‘linmasida hushiga keldi. Xolasi «Ishonch telefoni»ga bog‘lanmaguncha, bo‘limdagilar birlamchi tibbiy yordamni ko‘rsatish bilan cheklanishdi, sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilmadi. Mutaxassislarning aralashuvidan keyingina ekspertiza o‘tkazildi, ishga huquqni muhofaza qilish organlari aralashdi.

Shifoxonadan chiqqach, Saodat ota uyiga qaytdi, bolalarini ham olib keldi, eri bilan ro‘para bo‘lishni ham istamadi. Ajrimga ariza topshirdi. Buni eshitgan er Saodat va farzandlarining zaruriy buyumlarini berib yuborishdan bosh tortdi. Mahallaning aralashuvi ham kor qilmadi. «Ishonch telefoni» mutaxassislari yordami bilan Saodatga moddiy yordam, himoya orderi berildi.

Ichkilik balosi

Oilaviy ziddiyatlardagi eng yomon ssenariy – begunoh bolalar jabr ko‘rsa...

Muhabbat G‘ijduvon tuman kasalxonasiga shoshilinch tarzda olib kelindi. Tashxis – 6 oylik rivojlanishdagi homilaning nobud bo‘lish xavfi. Hammasiga sabab – turmush o‘rtog‘ining ichkilik ta'siridagi harakatlari. Avazning navbatdagi mastlik ta'sirida ayoliga qo‘l ko‘tarishi natijasida ona va homilaning hayoti xavf ostida qoldi. Muhabbat «Ishonch telefoni»ga qo‘ng‘iroq qilgach, operatorlar tibbiyot xodimlariga bog‘lanishdi, ona va bolaning hayotini asrab qolish uchun kerakli choralar ko‘rildi.

Avazning bu singari xurmacha qiliqlari birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Mahalla raisi vaziyatdan boxabar bo‘lsa-da, tug‘ishgan jiyani bo‘lmish zo‘ravonning qiliqlariga ko‘z yumib kelgan. Sud-tibbiyot ekspertizasi natijasida Avazning kuch ishlatgani isbotlandi, u majburiy tarzda davolanish uchun narkodispanserga yuborildi.

Shifoxonadan chiqqan Muhabbat turmush o‘rtog‘ining uyiga qaytishdan bosh tortdi, hozirda u reabilitatsiya markazida yashamoqda.

Qo‘shxotinlik muammosi

Oilaviy kelishmovchiliklarning kelib chiqishiga erkakning qo‘shxotinlikka mayl bildirish holatlari ham sabab bo‘ladi.

Namanganlik Munira 2006 yilda Nurmatga turmushga chiqqan. 14 yillik oilaviy hayot davomida oilada to‘rt farzand dunyoga keldi. Afsuski, tug‘ma yurak porogi bilan tug‘ilgan kenja qizning umri qisqa ekan – doimiy muolajalar ko‘rsatilmasligi natijasida qizaloq 2014 yil bahorida hayotdan ko‘z yumdi. Ayni shu paytda Nurmat qonuniy xotini bo‘la turib, toshkentlik Aziza ismli ayol bilan ham turmush qurish fikriga tushib qoldi.

Muniraning qarshiliklariga qaramay, Aziza bilan shariat bo‘yicha nikoh o‘qitib olgan Nurmat ikki oilada yashay boshladi. Qonuniy xotini alimentga ariza berdi. Natijada oiladan to‘polonlar arimas, janjallar kaltak bilan tugashi ham odatga aylangan edi. Karantin boshlangach, Nurmat Toshkentga qatnay olmay qoldi va birinchi oilasining oldida qolishga majbur bo‘ldi.

Alimentlarni o‘z vaqtida to‘lamayotgan ota Munirani «turmush o‘rtog‘imdan 21 mln so‘m miqdoridagi aliment to‘lovini olganman», degan mazmunda tilxat yozib berishga qistay boshladi. Bunday hol avval ham bo‘lgan, Munira bir tiyin olmagan bo‘lsa-da, erining tazyiqi ostida «16 mln so‘m alimentni olganman» deb yozib berishga majbur bo‘lgandi. Ammo bu gal rozi bo‘lmadi. Natijada Nurmat tuman Majburiy ijro byurosi xodimlarining ko‘z oldida ayolini shafqatsizlarcha kaltakladi. To‘xtovsiz kaltaklar voqeadan keyin ham bir hafta davom etdi. Pichoq suyagiga borib qadalgan Munira uch bolasini ko‘tarib mahalla profilaktika inspektoriga arz qilib bordi. Inspektorning ko‘rsatgan yordami esa ota uyiga bormoqchi bo‘lgan Munirani katta yo‘lgacha mashinada chiqarib qo‘yishdan nariga o‘tmadi.

Karantin paytida ota uyiga yetib olish imkonini qila olmagan Munira yana erining oldiga qaytishga majbur bo‘ldi. Bu gal qaynona-qaynota ham kelinni agressiya bilan kutib olishdi. Yana kaltaklar, xo‘rliklar. Muniraning «Ishonch telefoni»ga qo‘ng‘iroq qilishdan boshqa chorasi qolmadi. Masalaga huquqni muhofaza qilish idoralari aralashgach, Jinoyat protsessual kodeksining 52-moddasi bilan Nurmatga jinoiy ish ochildi. Muniraga esa himoya orderi taqdim etildi.

Mas'ullarning befarqligi

Umida 33 yoshda. X.X.ga bir dunyo orzular bilan turmushga chiqdi. Ammo umidlar oqlanmadi. Oilaviy hayotning ilk kunlaridanoq eri unga zulm o‘tkazar, arzimagan muammolar uchun ham qo‘li mushtga tugilaverardi. Umida sabr qilib, turmush o‘rtog‘ini yumshata olishiga, o‘zi va farzandlariga qilinayotgan salbiy munosabat o‘zgarishiga ishonar, shuning uchun ham shafqatsiz munosabatga tishini tishiga qo‘yib chidardi.

Hozir Umidaning 8 nafar farzandi bor, ularning 5 nafarini uyda, hech qanday tibbiy yordamsiz dunyoga keltirgan – X.X. hech bir asosli sababsiz shuni talab qilgan.

Ammo vaziyat Umida kutganidek yumshamadi – kaltaklar, haqorat va xo‘rliklar tobora shafqatsiz tus ola boshladi. Shu yilning 29 aprel kuni eri Umidani o‘lar darajasiga yetguncha kaltakladi, ayol tuman shifoxonasida o‘ziga keldi.

Masalaga X.X.ning qarindoshlari aralashib, tibbiyot xodimlarining ham, huquqni muhofaza qilish organlari vakillarining ham og‘zini moylashdi – Umida sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazilmadi. Kerakli tekshiruv va muolajalardan to‘la o‘tkazilmagan jabrdiyda yana erining uyiga yuborildi. Uyga qaytgandan keyin ham qattiq zarbalar zo‘ridan haligacha o‘ziga kela olmagan Umidaning ahvoli tobora yomonlasha bordi. Akasi Sahobga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni tushuntirgandan keyingina uni qayta shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga olib ketishdi. Tekshiruvlar natijasida jabrlanuvchining umurtqa pog‘onasi jiddiy jarohatlangani oydinlashdi.

Umidaning onasi «Ishonch telefoni»ga murojaat qilgandan keyin masalaga huquqni muhofaza qiluvchi organlar aralashdi, Umidaga ruhiy-psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatildi, himoya orderi berildi. Zo‘ravon er esa qattiq ogohlantirish oldi.

Respublika gender komissiyasi qoshidagi «Ishonch telefoni» bilan bog‘lanish uchun:

Huquqshunos: +99897 137 26 26

Ruhshunos: +998 97 137 27 27

Operatorlar: +99897 137 12 12; +998 97 137 24 24.

Top