09:28 / 21.07.2020
3311

O‘zbekistonda yanvar-iyun oylarida 43 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda jami 43 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarilib, o‘sish sur'ati 2019 yilning yanvar–iyun oylariga nisbatan 7,3 foizni tashkil etdi.

Davlat statistika qo‘mitasi xabariga ko‘ra, 2020 yilning 1 iyul holatiga qurilish sohasida korxona va tashkilotlar soni 38,7 mingtani tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 6,3 mingtaga oshdi. 

Jami qurilish sohasidagi korxona va tashkilotlar soni ko‘payishining asosiy omili bu bino va inshootlar qurish ishlarining o‘tgan yilga nisbatan 12,0 foizga (jami qurilishdagi ulushi 58,0 foiz), fuqarolik obektlarini qurish 31,3 foizga (jami qurilishdagi ulushi 9,6 foiz), ixtisoslashtirilgan qurilish ishlarining 31,6 foizga (jami qurilishdagi ulushi 32,4 foiz) o‘sishidir.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida, jami qurilish ishlari hajmi tarkibida yirik qurilish tashkilotlari tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi 12,4 trln so‘mni tashkil etdi. Qurilish ishlari 2019- yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 32,4 foizga ko‘p bajarilgan bo‘lib, jami qurilish ishlari hajmidagi ulushi 2019 yilning mos davridagi ko‘rsatkich darajasidan 5,5 foiz punktga ko‘payib, 29,0 foizni tashkil etdi. 

Kichik korxona va mikrofirmalar tomonidan bajarilgan qurilish ishlari hajmi 2020 yilning yanvar-iyun oylarida qurilish ishlarini bajargan boshqa tashkilotlarga nisbatan oshganligi kuzatildi. Ular hissasiga jami qurilish ishlari hajmining 54,8 foizi to‘g‘ri kelib, 2019 yilning yanvar-iyun oylari ko‘rsatkichiga nisbatan 1,2 foiz punktga kamaydi. Shuningdek, ular hissasiga to‘g‘ri kelgan qurilish ishlari hajmi 2019 yilning mos davriga nisbatan 5,1 foizni tashkil etgan holda 23,5 trln so‘m miqdorida qayd etildi. 

Mavzuga oid
Top