19:15 / 21.07.2020
31344
Qoraqalpog‘istonda suv yo‘qligidan Nukus-Toshkent magistral yo‘lini to‘sib qo‘ygan aholiga suv berildi

21 iyul kuni «Qoraqalpoq24» telegram kanali Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumani fuqarolari Nukus-Toshkent avtoyo‘lini to‘sib qo‘ygani haqida xabar bergan edi. Buning sababi sifatida mahalliy aholi tomorqasini sug‘orish uchun ariq va kanallarda suv tanqisligi kuzatilayotgani bois tomorqalardagi ekinlar suvsizlikdan qurib qola boshlagani aytilgandi. 

Videolavhada aksariyat ayollar bo‘lgan insonlar «Nayman» ko‘prigi yaqinida yo‘lning bevosita qatnov qismida to‘planib olgani sababli yuk va yengil avtomobillarning uzun tirbandligi vujudga kelganini ko‘rish mumkin. 

Makan.uz saytining yozishicha, ayni vaqtga kelib, mazkur muammo bartaraf etilgan va aholi tomorqalariga suv berish maqsadida suv nasoslari ishga tushirilgan.

Unda yozilishicha, yo‘lni to‘sib qo‘yish holati Beruniy tumani Abay ovul fuqarolar yig‘ini, Quralpa aholi punktida ro‘y bergan. Oydinlik kiritilishicha, 10 kun mobaynida «Nayman» kanaliga suv kelmagan. «Tuman hokimi zudlik bilan voqea joyiga yetib bordi va muammo bartaraf etildi», - deyiladi xabarda. Huquq-tartibot idoralari aholini uylariga tarqatgan. 

Ta'kidlanishicha, tuman mahallalari soni 13ta bo‘lib, ularning barchasiga bir vaqtning o‘zida suv yetkazib berish muammodir. Shunga ko‘ra, navbatma-navbat sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan. 

Shu bilan birga, havo haroratining haddan ortiq issiq bo‘lishi ham o‘simliklarga jiddiy zarar keltirmoqda, deyiladi xabarda. 

Top