15:02 / 21.07.2020
4492
Undirilishi umidsiz deb e'tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi tasdiqlandi

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan Undirilishi umidsiz deb e'tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizom qabul qilindi.

Nizom Soliq kodeksi, Fuqarolik kodeksi va “Bankrotlik to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq undirilishi umidsiz deb e'tirof etilgan soliq qarzini hisobdan chiqarish tartibini belgilaydi.
 
Norma’ning yozishicha, mazkur Nizom talablari budjet tashkilotlari, davlat korxonalari va notijorat tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
 
Soliq qarzini undirilishi umidsiz deb e'tirof etish va uni hisobdan chiqarish tegishli soliq organi qarori bilan amalga oshiriladi.
 
Nizomga muvofiq soliq qarzi quyidagi hollarda undirilishi umidsiz deb e'tirof etiladi:

yuridik shaxs tugatilganda - yuridik shaxsning mol-mulki yetarli emasligi va (yoki) shu yuridik shaxsning muassislari (ishtirokchilari) tomonidan qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda va tartibda uning soliq qarzini uzish imkoni bo‘lmaganligi sababli u uzilmay qolganda;

yakka tartibdagi tadbirkor bankrot deb e'tirof etilganda - qarzdorning mol-mulki yetarli emasligi sababli soliq qarzi (uning qismi) uzilmay qolganda;

jismoniy shaxs vafot etganda yoki jismoniy shaxs vafot etgan deb e'lon qilinganda - uning mol-mulki yetarli emasligi sababli, shu jumladan meros davlat mulkiga o‘tgan taqdirda, uning soliq qarzi belgilangan tartibda uzilmay qolganda;

vafot etgan jismoniy shaxsning merosxo‘ri bo‘lmaganda yoki merosxo‘r (merosxo‘rlar) meros olish huquqidan voz kechganda;

soliq organi soliq qarzini undirishning belgilangan muddati o‘tishi munosabati bilan uni undirish imkoniyatini yo‘qotganligi to‘g‘risida sud tomonidan qaror qabul qilinganda, shu jumladan sud tomonidan soliq qarzini undirish to‘g‘risida ariza berishning o‘tkazib yuborilgan muddatini tiklashni rad etish haqida ajrim chiqarilganda;

chet el yuridik shaxsi soliq organidan hisobdan chiqarilganda, doimiy muassasaning mol-mulki yetarli emasligi va O‘zbekistonning norezidenti bo‘lgan yuridik shaxs tomonidan to‘lash imkonsizligi sababli soliq qarzi to‘lanmaganda.
 
Nizom bilan quyidagilar belgilandi:

soliq qarzini undirilishi umidsiz deb e'tirof etish va uni hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolatiga ega tegishli soliq organlari;

soliq qarzini undirilishi umidsiz deb e'tirof etish va uni hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi;

soliq qarzini hisobdan chiqarish va uning hisobini yuritish tartibi.
 
Hujjat 01.09.2020 yildan kuchga kiradi.

Top