10:29 / 22.07.2020
17484
Andijon shahridagi pichoqbozlik haqida rasmiy ma'lumot berildi
Foto: IIB axborot xizmati

21 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrida pichoqbozlik bo‘lgani aks ettirilgan video tasvirlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati IIB axborot xizmati rasmiy ma'lumot taqdim etdi.

Ta'kidlanishicha, shu kuni soat 16:30 larda, Andijon shahrida yashovchi, 1967 yilda tug‘ilgan fuqaro S.T O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan «Bekzod» nomli oshxonaga ovqat olib ketish uchun kelib, shu oshxona ishchisi 1998 yilda tug‘ilgan R.Sh bilan o‘zaro janjallashib ketishgan.

«Janjal davomida S.T shu yerda bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan fuqaro R.Sh.ning o‘ng ko‘krak qismiga bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan. Fuqaro S.T. voqea joyidan tashqariga chiqib qochib ketayotgan vaqtida oshxona ishchilari tomonidan kaltaklanib, unga nisbatan ham tan jarohati yetkazilgan. Buning oqibatida R.Sh. va S.T.lar shifoxonaga yotqizilgan. S.Tdan ashyoviy dalil sifatida xo‘jalik pichog‘i olingan», - deya ma'lumot beradi IIB.

Ma'lum qilinishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan Andijon shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi («qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish») 2-qismi «ye» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ushbu pichoqbozlik Andijon viloyatida sodir etilib, ommaga oshkor bo‘lgan uchinchi holat hisoblanadi. Bundan avval, Asaka tumanida tanish qizga nima uchun qo‘ng‘iroq qilganligini so‘rab, o‘zaro janjallashgan yigitlar o‘rtasida hamda Shahrixon tumanida singlisi bilan gaplashmaslikni so‘ragan yigit boshqa kimsani pichoqlagandi.

Shuningdek, joriy yilning 5 iyun Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi Kichik halqa avtomobil yo‘lida yoshlar orasida janjal kelib chiqqandi. Natijada to‘rt nafar yoshlar pichoq bilan jarohatlangan.Shifokorlarning sa'y-harakatlariga qaramasdan, kelishmovchilik ishtirokchilaridan biri shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Top