13:35 / 22.07.2020
8851
Greta Tunberg million yevrolik mukofotni oldi va uni berib yuborishga qaror qildi
Foto: Twitter

Portugaliyadagi Galust Gyulbenkyan fondi «Insonparvarlik uchun» mukofotini shvetsiyalik 17 yoshli ekofaol Greta Tunbergga topshirdi. U atrof-muhitni saqlash uchun «qattiq kurash» va yoshlarni ushbu ishga jalb qilish qobiliyati uchun mukofotlandi, deb yozadi «Meduza».

Mukofot miqdori deyarli million yevroga teng. Tunbergning ma'lum qilishicha, barcha pullarni atrof-muhitni muhofaza qilish tashkilotlariga xayriya sifatida berib yuboradi.

«Bu men tasavvur qilganimdan ham ko‘proq pul, lekin barcha mukofot mening jamg‘armam orqali iqlim inqirozidan zarar ko‘rgan odamlarga yordam beruvchi turli tashkilot va loyihalarga o‘tkaziladi», - dedi Tunberg.

Birinchi 100 000 yevro Amazon o‘rmonlarini asrash va tub aholiga koronavirus bilan kurashishda yordam beradigan SOS Amazonia loyihasiga beriladi. Yana 100 ming yevroni Stop Ecocide loyihasi oladi, uning yaratuvchilari butun dunyoda ekotsidni jinoyat deb tan olish uchun harakat qilmoqda.

2018 yilda Greta Tunberg Shvetsiya parlamenti binosi oldida norozilik namoyishi o‘tkazishni boshladi. Uning ma'lum qilishicha, rasmiylar iqlim bo‘yicha kelishuvga rioya etishni boshlamaguncha juma kunlari maktabga bormaydi.

2019 yilda shunga o‘xshash yoshlarning norozilik namoyishlari butun dunyo bo‘ylab bo‘lib o‘tdi, Tunberg esa Nyu-Yorkda BMTning iqlim sammitida nutq so‘zladi.

2019 yil dekabr oyida Time jurnali uni yil odami deb e'tirof etdi.

Top