00:16 / 22.07.2020
8042
Tishlangan olma va tasodifiy xato. Apple, Google va Microsoft brendlari qanday paydo bo‘lganini bilasizmi?

Dunyoning har bir burchagida deyarli hamma ishlatadigan turli brendlar bor. Biz ularning nega shunday nomlangani haqida ko‘p narsa bilmasligimiz mumkin, lekin ularning o‘zini yaxshi bilamiz.

Forbes 2019 yilda e'lon qilgan eng mashhur brendlar ro‘yxatining top uchtaligida Apple, Google, Microsoft brendlari qayd etilgan.

Forbesning o‘sha paytdagi tahliliga ko‘ra, birgina Apple brendining o‘zi 205,5 milliard dollarga, Google esa 167,7 dollarga baholanadi.

Tishlangan olma brendi: Apple nega olmani tanlagan?

Apple kompaniyasi 1976 yil 1 aprelda tashkil etilgan. Kompaniyaning asosiy asoschilari Stiv Jobs va Stiv Voznyak do‘st bo‘lishgan. Ular 1971 yilda boshqa bir do‘sti tufayli ilk bor uchrashadi. Ikki insondagi texnika va yangiliklarga bo‘lgan qiziqish mos kelib, birgalikda Apple loyihasi ustida ishlay boshlashadi. Do‘stlar dastlab bitta joyda mehnat qilib, o‘z g‘oyalari uchun pul to‘play boshlashadi.

Nega olma?

1984 yilda Voznyak jurnallardan biriga bergan intervyusida kompaniya nomlanishi haqida xotiralarini shunday eslaydi: «Stiv vaqti-vaqti bilan Oregondagi bog‘da ishlardi. Balki kompaniya nomining aynan Apple bo‘lishiga o‘sha bog‘da, asosan olmalar o‘sgani va uning o‘ziga xos tabiati sabab bo‘lgandir. Ehtimol, bu so‘z shunchaki Stivning xayoliga kelgandir. Bu nom haqida o‘ylaganimizdan so‘ng texnikaga oid yana boshqa variantlar ustida ham ishladik, lekin bizga baribir Apple ko‘proq yoqaverdi», degan Voznyak.

 

 

Stiv Jobsning o‘zi esa xotiralarida olmaning brend sifatida tanlanishini bunday izohlagan: «Birinchi xayolimga shu nom kelganda quvnoq, ilhomlantiruvchi va cho‘chitmaydigan, deb o‘ylaganman».

 

Xato talaffuz ixtirosi – Google tarixi

Google tarixi 1995 yilda uning asoschilari Larri Peyj va Sergey Brinning uchrashuvi bilan boshlangan. O‘sha paytda Larri Stenford universitetida Ph.D. talabasi bo‘lgan, Sergey esa shu universitetga o‘qishga kirishga harakat qilayotgan edi. Ular 1996 yilda ish boshlagach, o‘zlarining ilk qidiruv tizimlarini BackRub deb nomlashgan edi. Larri ofisda qator bir qancha magistrlar, Shon Anderson, Tamara Munzner va Lukas Pereyralar bilan birga o‘tirardi. 1997 yilda ular qidiruv tizimi uchun yangi nomlarni muhokama qilishadi.

 

Shon va Larri turli nomlarni saralayotgan paytda Shon ko‘p xonali maxsus raqamlardan biri – googolplex’ni taklif qiladi. Larri esa bu nomni og‘zaki tarzda qisqartirib, googol (birning orqasida yuzta nol bor son) deb ataydi. Kompyuter yonida o‘tirgan Shon esa bu nomni domen uchun qidiruvga berayotganda adashib Google deb yozadi va kompyuter oynasi Google’ning band qilinmaganini ko‘rsatadi. Garchi xato yozilgan bo‘lsa-da, Larriga bu nom juda yoqadi va mashhur qidiruv tizimining nomi shu tarzda atala boshlanadi. Shunday qilib Google 1997 yil 15 sentyabrda ro‘yxatdan o‘tadi.

 

 

Microsoft – Micro-soft

Microsoft kompaniyasi 1975 yilda Bill Geyts va Paul Allen tomonidan tashkil etilgan. O‘shanda bu ikki mashhur injyenerlar Altair 8800 nomli mikrokompyuterni ixtiro qilishgan edi. O‘sha ixtiro dunyoning foydalanuvchiga qulay, sodda tilli ilk minikompyuteri sifatida e'tirof etiladi.

 

Bill Geyts o‘zining Fortune jurnaliga bergan intervyusida nega kompaniya brendi nomini Microsoft deb ataganini izohlagan: «Micro-soft nomi barcha uchun tushunarli. Biz Altair 8800’ga o‘xshagan mikrokompyuterlar, mikroprotsessorlar uchun dasturiy ta'minotni takomillashtirishni xohlaganmiz».

 

 

Top