07:49 / 22.07.2020
860
To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning umumiy investitsiya hajmidagi ulushi 29,5 foizgacha o‘sgan

Joriy yilning yanvar–iyun oylarida o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy hajmi 4,8 mlrd dollar, shu jumladan, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 3,2 mlrd, davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar 1,6 mlrd AQSh dollarini tashkil etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rasmiy saytida e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, asosiy kapitalga kiritilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2,6 mlrd dollarni tashkil etib, 2019 yildagi shu ko‘rsatkichga nisbatan 1,2 marotaba o‘sish kuzatilgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning umumiy investitsiya hajmidagi ulushi 29,5 foizgacha o‘sgan.

Hisobot davrida 494 ta loyiha ishga tushirilgan: 28 ta yirik ishlab chiqarish korxonasi va 466 ta hududiy ahamiyatga ega sanoat obektlari.

O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalarni kiritish bo‘yicha Rossiya, Xitoy, Germaniya va Turkiya davlatlari yetakchilik qilmoqda, respublikamiz iqtisodiyotiga investitsiya kiritgan mamlakatlarning umumiy soni 37 tani tashkil etmoqda.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda elektrotexnika sanoati (2019 yilning shu davriga nisbatan o‘sish — 13 barobar), qurilish materiallari ishlab chiqarish (o‘sish — 3,6 barobar), AKT (o‘sish — 3,5 barobar) sohalari investorlar uchun eng jozibador bo‘lmoqda. Oziq-ovqat sanoati (o‘sish — 1,5 barobar), kimyo (o‘sish — 1,3 barobar) va to‘qimachilik sanoati (o‘sish — 1,6 barobar) ham yaxshi o‘sish dinamikasini namoyish etgan.

Shu bilan birga, mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni jalb qilishning o‘sish tendensiyasi mustahkamlandi va hisobot davrida 2 mlrd dollarni tashkil etib, 2019 yilning shu davriga nisbatan 1,05 barobarga oshgan. Umumiy summaning 1,6 mlrd dollari asosiy kapitalga yo‘naltirilgan. Hududiy loyihalar doirasida investitsiyalarni o‘zlashtirish hajmi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar umumiy hajmining 62,3 foizini tashkil etgan.

Viloyatlar kesimida 2020 yilning birinchi yarmida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘sishining eng yuqori dinamikasi Namangan (1,6 barobar), Toshkent (1,6 barobar), Qashqadaryo (1,5 barobar) va Sirdaryo (1,4 barobar) viloyatlarida kuzatilgan.

«Umuman olganda, 2020 yil oxiriga qadar 2 mingdan ortiq ijtimoiy, infratuzilmaviy va sanoat obektlari, shu jumladan 206 ta yangi yirik ishlab chiqarish obekti, 240 ta hududiy ahamiyatga ega ishlab chiqarish obekti hamda 1,6 mingga yaqin ijtimoiy va infratuzilmaviy obektlari foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan», deyiladi vazirlik xabarida.

Top