21:21 / 22.07.2020
41765
Uzbekistan Airways: Sentyabrdan Rossiyaga parvozlar tiklanishi hali so‘roq ostida

Uzbekistan Airways kompaniyasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi muntazam reyslarni qachon tiklashi hozircha aniq emas, deb ma'lum qildi kompaniya matbuot kotibi Habibulla Nabiyev.

Foto: KUN.UZ

Avvalroq Uzbekistan Airways aviakompaniyasi chiptalari sotuvi bo‘yicha rasmiy sayt – uzaiways.online saytida sentabr oyidan boshlab Rossiya 5ta shahriga yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilayotgan reyslar jadvali e'lon qilingan edi. Ayni paytda saytdagi ushbu sahifa mavjud emas.

Kun.uz muxbiri holatga aniqlik kiritish uchun Uzbekistan Airways matbuot kotibi Habibulla Nabiyev bilan bog‘landi.

«1 sentyabrdan boshlab Rossiyaning qator shaharlariga muntazam aviareyslar tiklanishi borasidagi xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. To‘g‘ri, biz sentabr oyi uchun reyslar jadvalini tuzganmiz. Lekin bu – Maxsus komissiya epidemiologik vaziyatga ko‘ra muntazam reyslarni tiklashga ruxsat bergan holatda qanday tartibda parvozlarni tashkil qilishimiz bo‘yicha jadval.

Chunki Maxsus komissiya ruxsat bersa, biz o‘sha ondayoq parvozlarni tiklay olmay qolishimiz mumkin. Har bir parvoz bir necha tashkilotlar, aeroportlar o‘rtasida muvofiqlashtiriladi.

O‘sha paytda vaqt yo‘qotmaslik uchun tuzayotgan rejalarimiz haqida ma'lumot tarqalgan va ko‘pchilik buni «1 sentyabrdan reyslar tiklanishi aniq ekan», deya qabul qilgan.

Epidemiologik vaziyat qanday bo‘lishini oldindan mutlaqo prognoz qilib bo‘lmaydi. Muntazam reyslar qachon tiklanishi bo‘yicha aniq axborotni rasman e'lon qilamiz», – dedi Habibulla Nabiyev.

Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov parvozlarning tiklanishiga oid savolimizga: «Bu masalada hali rasmiy ma'lumot yo‘q», deya javob berdi.

 

Top