09:48 / 23.07.2020
15411
Imomali Rahmon mahsulot yetishtirish va uni saqlash bilan shug‘ullanuvchi oilalarda mehmon bo‘ldi

Prezident hatto mahsulotlarni tayyorlash jarayonida ham ishtirok etdi.

22 iyul kuni Tojikiston prezidenti Hisor fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va ishlab chiqarish, shu jumladan uzoq muddatga saqlash jarayoni bilan tanishdi.

U Hayoti nav qishlog‘idagi Talabsho Davlatov oilasining tomorqasiga tashrif buyurdi.

Shifokor Talabsho Davlatov va uning oilasi dukkakli ekinlar va sabzavotlar yetishtirish uchun 0,10 gektar yer maydonidan foydalanadi. Bu yerda Imomali Rahmon ikki yillik zaxira uchun mo‘ljallangan oziq-ovqat mahsulotlari omborini ko‘zdan kechirdi, bunda bug‘doy, dukkakli ekinlar, yasmiq, no‘xat, mosh, zig‘ir, shuningdek, konserva mahsulotlari saqlanadi.

Shaxsiy tomorqadan samarali va oqilona foydalangani uchun Imomali Rahmon Talabsho Davlatov oilasiga maishiy texnika jihozlarini sovg‘a qildi.

Shundan so‘ng, davlat rahbari «Oktyabrning 50 yilligi» mas'uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.

Bu yerda u kuzgi kartoshka ekish jarayonini boshlab berdi. Bu jamiyatda 232,6 gektar sug‘oriladigan yerlar bor hamda unda kartoshkadan tashqari makkajo‘xori, paxta, sabzavotlar va boshqa ekinlar yetishtiriladi.

Shuningdek, Imomali Rahmon «Fayzi dehqon» va «Fayzi hoji» dehqon xo‘jaliklarida bo‘lib, qishloq xo‘jaligi ekinlari vegetatsiyasi bilan tanishdi. «Fayzi dehqon» 1,35 gektar maydonda, «Fayzi hoji» esa 3 gektar maydonda Dushanbe, Hisor va Tursunzoda bozorlariga yuboriladigan turli xil ekinlarni ham yetishtiradi.

Bu yerda Imomali Rahmon qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasiga tashrif buyurdi. Bunda sabzavot va mevalardan tashqari, asalarichilik, chorvachilik va parrandachilik mahsulotlari namoyish etildi.

Shundan so‘ng, davlat rahbari Hisorga amaliy safari doirasida quvurlar va profillar ishlab chiqarish bo‘yicha mas'uliyati cheklangan jamiyat faoliyatiga start berdi.

Korxona mahalliy tadbirkor Fozil Badiyev tomonidan xorijiy investitsiyalar jalb qilingan holda tashkil etilgan va asbest shifer hamda quvurlar, temir profillar, shisha tolalar ishlab chiqaradi.

Shu kuni mamlakat prezidenti Rudakiy tumaniga borib, Usmonovlar oilasida mehmon bo‘ldi va ular 0,14 gektar shaxsiy tomorqa yer maydonidan qanday foydalanayotganini ko‘zdan kechirdi.

Xuddi shu tumanda u Falakon qishlog‘ida joylashgan yerlar va unda yetishtirilgan mahsulotlar bilan tanishdi.

Top