08:37 / 23.07.2020
3065

Narkologik kasalliklardan majburiy davolanayotgan shaxslarga nisbatan mehnat terapiyasini qo‘llash tartibi belgilanmoqda 

Majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarga korxonalar tomonidan amaldagi normalar, narxlar, mehnatga haq to‘lash shartlaridan kelib chiqqan holda ish haqi hisoblanadi.

Parlament quyi palatasining 2020 yil 22 iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.

Qayd etilganidek, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarga narkologik yordam ko‘rsatish masalalari, ularning huquqlari va majburiyatlari, profilaktika va dispanser kuzatuvi, bunday shaxslarning davolanishga roziligini olish, shu bilan birga ularning roziligini olmasdan davolash mumkin bo‘lgan holatlar, narkologik kasalliklarga chalingan shaxslar to‘g‘risida ma'lumotlar taqdim etishga oid normalar qonun loyihasida o‘z aksini topmoqda.

Xalq vakillarining qayd etishicha, loyiha bilan majburiy davolanayotgan shaxslarga nisbatan mehnat terapiyasini qo‘llash tartibi belgilanmoqda. Ya'ni, majburiy davolanayotgan va mehnat terapiyasi tartibida mehnat faoliyatiga jalb qilingan shaxslarga korxonalar tomonidan amaldagi normalar, narxlar, mehnatga haq to‘lash shartlaridan kelib chiqqan holda ish haqi hisoblanadi.

Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga narkologiya xizmat ko‘rsatishning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish, sohada manfaatdor vazirlik va idoralar hamkorligini ta'minlash hamda bemorlarning huquq va majburiyatlari, ijtimoiy himoyasini mustahkamlash imkonini yaratadi.

Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda qabul qilindi, deyiladi parlament saytida.

Top