16:48 / 23.07.2020
3204
O‘zbekiston JSTga a'zo davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rishga kirishdi

Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya va muzokaralar olib borish guruhining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Foto: EPA-EFE

Joriy yilning 21 iyul kuni Jahon savdo tashkiloti (JST) bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo‘yicha muzokaralar olib borish guruhining videokonferensiya shaklida qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni komissiya raisi, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Sardor Umurzoqov olib bordi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, majlisda JSTga a'zo mamlakatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.

Joriy yilning 7 iyul kuni 60dan ortiq JSTga a'zo mamlakat vakillari ishtirok etgan O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi bo‘yicha Ishchi guruhining 4-yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi qayd etildi.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha 23 davlat vakillari va JST bosh direktorining o‘rinbosari A.Vulf O‘zbekistonni tashkilotga kirishini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi haqida bayonot bergan.

Ekspertlarning fikricha, tashkilot tarixida ilk bor 15 yillik tanaffusdan so‘ng muzokaralar jarayonini qayta boshlagan Ishchi guruhning birinchi yig‘ilishidayoq JSTga a'zo mamlakatlar tomonidan O‘zbekistonning tashkilotga kirishi bo‘yicha Ishchi guruh ma'ruzasining asosi hisoblangan faktologik xulosani tayyorlash bosqichiga birdaniga o‘tish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Majlis davomida JSTga a'zo mamlakatlar bilan tovar va xizmatlarning bozorlarga chiqishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarga tayyorgarlikning borishi haqida ma'lumot berildi.

Tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga strategik hujjatlarni o‘z vaqtida shakllantirish, vakolatli xodimlar va mutaxassislarni jalb etish, JSTga a'zo mamlakatlarning savollariga javob berish uchun zarur ma'lumotlarni to‘plash maqsadida muzokaralarga sifatli tarzda har tomonlama tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida ko‘rsatma berildi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tayyorgarlik jarayonini muvofiqlashtiradi va uning doimiy monitoringini olib boradi.

Majlis yakunida O‘zbekistonning JSTga kirishi yuzasidan muzokaralarning keyingi bosqichiga o‘tish bo‘yicha chora-tadbirlar tasdiqlandi, aniq rejalar belgilab olindi va bu jarayonda ustuvor vazifalar qayd etildi.

Top