09:58 / 23.07.2020
8353

Toshkent viloyatida kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lganlarni joylashtirish uchun 12 mingdan ziyod zaxira o‘rni tayyorlanmoqda

AOKA huzuridagi shtabda Milliy gvardiya matbuot kotibi Davron Jumanazarov ishtirokida brifing o‘tkazildi. 

Brifingda Toshkent viloyati hududida koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish borasidagi amaliy chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumotlar taqdim etildi.

Viloyatda epidemiologik vaziyatni keskinlashishini inobatga olgan holda, kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlarini va koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish maqsadida Milliy gvardiya qo‘mondonligi boshchiligida Nurafshon shahrida 24 soatlik rejimda faoliyat olib boruvchi muvofiqlashtirish tezkor shtabi tashkil etildi. 

Har bir tuman va shaharda uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi Call center’lar tashkil qilinib, ular asosan uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga zaruriy tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etish, ularning muammolarini hal etish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish, tushkunlik holatiga tushib qolgan bemorlarga psixologik yordam ko‘rsatish, fuqarolardan o‘z sog‘lig‘i bo‘yicha kelgan murojaatlarni ko‘rib chiqish,  yuzaga kelgan savollarga konsultativ – maslahatlar berish maqsadida 24 soatlik rejimdagi ish faoliyati yo‘lga qo‘yildi. 

Uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularga zaruriy oziq-ovqatlar, immunitetni ko‘taruvchi dori-darmonlar va boshqa zaruriy ehtiyoj mollarini yetkazib berish maqsadida viloyatda 31 ta mobil guruhlari tashkil etildi.

Kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarni joylashtirish uchun sihatgoh, dam olish maskanlari, sog‘lomlashtirish lagerlari, kollejlar va litseylar yotoqxonalarida qo‘shimcha 12 mingdan ziyod zaxira o‘rni tayyorlanmoqda. 

Viloyat bo‘ylab Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi vakillaridan tashkil topgan 44 ta guruh 17 turdagi maxsus texnika shuningdek, 482 nafar ko‘ngilli (volontyor) jalb etilgan holda kuniga o‘rtacha 315 ta obektda (262 801 kv.metr maydonda) dezinfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Karantin talablariga rioya etilishini ta'minlash maqsadida jami 3 310 nafar Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari jalb etilgan, deyiladi ma'lumotda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top