11:32 / 23.07.2020
18395

«Uyda o‘tirgan bilan kasallik yo‘q bo‘lib qolmaydi, aholi tez-tez testdan o‘tkazilishi kerak» – Behzod Hoshimov

AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov «MFactor» loyihasi mehmoni bo‘lib, karantin choralari qachon foyda berishi, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq o‘lim holatlari oshib ketmasligi uchun tibbiyot tizimida bemorlarni qabul qilish hajmi oshishi kerak. Hozir uyda o‘tiraverganimiz bilan kasallik yo‘q bo‘lib qolmaydi, kasallik saqlanib qoladi. Karantindan qachon foyda bo‘ladi? Qachonki aholi tez-tez test qilinsa, bemorlarni zudlik bilan jamiyatdan izolyatsiya qilinsa hamda bemorlar shifoxonalar tomonidan zudlik bilan qabul qilinishi kerak.

Yaqinda o‘qidim, Janubiy Koreyada ham O‘zbekistondagi kabi aholidan kuniga 20 mingta test olinayotgan ekan. Lekin ayni paytda ularda kasallanish kuzatilmayapti. Odamlar bir-ikki oydan beri restoranlarda o‘tiribdi, maktablar ishlayapti. O‘zbekistondayam bunga erishishimiz uchun aholini ko‘proq test qilishimiz kerak. Testlarni to‘g‘ri belgilab, bemorlarni izolyatsiya qilishimiz kerak. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimining bemorlarni bir vaqtda qabul qila olish imkoniyatlarini ko‘paytirishimiz kerak.

1 avgustdan yana ko‘chaga chiqsak, yana kasallik ko‘payadi. O‘zi asli lokdaun deyiladi, odamlarning uyda o‘tirishiga asosiy sabab, masalan, AQShda deylik, kasallikning o‘sish darajasi tibbiyot muassasalaridagi koykalarning sonidan baland bo‘lib ketmasligi kerak fikr ustun.

Uyda o‘tirsak, kasallik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishi bu – fantastika. Umidimiz shuki, hukumatdagi odamlar tibbiy xizmatlar ko‘rsatish hajmini keskin o‘stirib borishi kerak. Ya'ni kasallanish ko‘rsatkichlaridan shifoxonalardagi bo‘sh joylar qancha ko‘p bo‘lsa, epidemiyani jilovlash shunchalik oson bo‘ladi», deya Behzod Hoshimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, taniqli tahlilchi koronavirus pandemiyasining O‘zbekistondagi uchinchi-to‘rtinchi to‘lqini ro‘y bersa kuzatilishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida ham fikr bildirdi.

«Koronavirusdan kasallik sifatida hali qutulishimiz oson emas, sababi hali vaksinasi yo‘q. Bizda hozir tibbiyot tizimimiz kasallikka chalingan bemorlarni to‘liq qabul qila olmayotgani asosiy muammo.

Agar eshitgan bo‘lsangiz, prezident olib borgan majlisda aytildiki, Toshkent shahrining o‘zida vaqtida tez yordam kelmagani uchun 50 kishi vafot etgan. Faqat koronavirus tufaylimas, boshqa sabablar bilan ham. 50 kishining tez yordam kelmagani uchungina vafot etishi misli ko‘rilmagan raqamlar. Bu degani hozirgi O‘zbekistondagi koronavirusdan ham ko‘ra kattaroq muammolar bor.

Tibbiyot tizimimiz biryo‘la kasallangan bemorlar hajmini ko‘tara olmadi. Agar bizda kasallanganlar soni ko‘payib borgan sari o‘lim ko‘rsatkichi oshib ketyapti. Masalan, hozir AQShda boshqacha vaziyatni ko‘rish mumkin. To‘g‘ri, bu yerdayam epidemiologik holat hamma joyda har xil. Masalan, men yashayotgan shtatda vaziyat ancha yaxshi, kasallanganlar soni kuniga besh nafardan oshmayapti, biroq hech kim shifoxonaga yotqizilayotgani yo‘q. Lekin Florida va boshqa janubiy shtatlarda kasallanish ko‘rsatkichlari ancha yuqori. Lekin o‘lim darajasi nihoyatda past. Chunki bu yerda koronavirusga chalingan odamdagi kasallik sababi tez aniqlanadi.

Bemorlarning aksariyati, 90 foizidan ko‘prog‘i gospitalizatsiya qilinmayapti. Chunki kasallik yengil o‘tayapti, ko‘pchilik uyda o‘tirib, ko‘proq suv ichib tuzalib ketishayapti. Biroq shifoxonada yotib davolanish talab etiladigan odamlar bemalol shifoxonalardan joy topa olishmoqda va tuzalib ketishmoqda. Oxirgi ikki oydagi o‘lim ko‘rsatkichlari statistikasini tahlil qilsak, hammasi me'yorida ekanini ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda uchinchi-to‘rtinchi to‘lqin haqida gapiradigan bo‘lsam, tibbiyot tizimining quvvati, ya'ni bemorlarni qabul qilish imkoniyati koronavirus infeksiyasining tarqalishidan ko‘ra sekinroq o‘ssa, bu kollapsga olib keladi. Deylik, bir kunda 10 nafar odam koronavirusga chalinsa, ammo biz 25 nafar bemorni davolashga qodir bo‘lsak, bu normal holat hisoblanadi.

Aslida O‘zbekistonga o‘xshash davlatlarda koronavirus bilan kasallanish jarayoni yengil kechishi kerak. Chunki aholimizning taxminan yetmish foizi 40-45 yoshdan yoshroq. Yoshlarda esa bu kasallik osonroq kechadi. Shunday bir holatda O‘zbekistonda o‘lim ko‘rsatkichlari kundan-kunga o‘sib bormasligi kerak edi aslida. Nazariy jihatdan. Masalan, hozir Italiya, Shvetsiya va boshqa bir qator davlatlarda kasallanganlar soniga nisbatan o‘lim ko‘rsatkichi yuqori bo‘layapti, ularda bu o‘lim holatlarning deyarli hammasi yosh bilan bog‘liq. Masalan, AQShda ham o‘lim holatlari asosan 70 yoshdan kattalar bilan sodir bo‘lmoqda», deb aytgan u.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top