08:26 / 23.07.2020
19116
Virusni to‘liq jilovlash haqida unga qarshi emlash joriy etilgandan keyingina gapirish mumkin – ekspert

Kun.uz’ning pandemiya bilan bog‘liq tavsiyalar bo‘yicha bugungi suhbatdoshi – Toshkent tibbiyot akademiyasi Yuqumli va bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi Bahodirovna Shahnoza Rahmatullayeva bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Mutaxassis bilan suhbatimiz pandemiya sharoitida qabul qilinuvchi dorilar borasida kechdi.

– Shahnoza opa, O‘zbekistonda epidemiologik vaziyat hozir ham ko‘pchilik davlatlarga nisbatan birmuncha yaxshiroq, ammo shiddat bilan yomonlashmoqda. Ana shunday paytda immun tizimini mustahkamlash uchun qanday tavsiyalar bera olasiz?

Vaziyat juda tez o‘zgarmoqda. Bemorlarning soni keskin ko‘paymoqda. Immunitetni mustahkamlashni «ikki tig‘li qilich» deb atagan bo‘lardim. Agar bu virus allaqachon tanaga tushgan bo‘lsa, immunitetni oshiraman, deb bemorga zarar yetkazishimiz ham mumkin.

Profilaktika masalasida men xalq tabobati tarafdoriman: vitamin va minerallarga boy, sifatli ovqatlanish, limon, zanjabil kabilarni muntazam qabul qilishni tavsiya qilaman. Tabiiy ne'matlari, meva-sabzavotlari O‘zbekistondagidek foydali hududlar juda kam. Bundan to‘g‘ri foydalanishimiz, pishiqchilik paytida bu ne'matlardan yetarli miqdorda iste'mol qilishimiz kerak. Ularning aksariyati qimmat emas, har qanday oila o‘z ratsionini bemalol to‘ldirishi mumkin. Dorilarga suyanmasdan immunitetni oshirishning to‘g‘ri yo‘li ana shu.

Bundan tashqari, sog‘lom turmush tarziga amal qilish, zararli odatlardan voz kechishning ayni vaqti. Zararli odatlarga ruju qo‘yganlar, ayniqsa, muntazam chekuvchilar bu kasallikni nihoyatda og‘ir o‘tkazayotganlaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib olishimiz kerak.

– Bu virusni yengish, hech bo‘lmasa jilovlash uchun endi bir necha yillar kerak bo‘ladi, degan pessimistik prognozlarga qanday qaraysiz?

Bu haqida bugunoq biror gap aytish qiyin. Kasallikni boshdan kechirib, unga qarshi immunitetga ega qatlam hosil bo‘lishi ehtimoli katta. Ammo bu jarayon qancha vaqt davom etishini taxmin qilishga hali juda erta. Balki 2-3 oy, ehtimol 6 oy...

Lekin ta'kidlash kerakki, xotira hujayralari tanada qoladi. Biz virusni jilovlash yoki nazorat qilish haqida unga qarshi vaksina – emlash joriy etilgandan keyingina gapirishimiz mumkin.

– Pandemiya davrida juda ko‘pchilik «Arbidol» dorisini qidirib qoldi va shuncha tushuntirishlarga qaramay, bu dorini juda qimmat narxlarda hanuz sotib olayotganlar bor.

Ilk tavsiyalarga ko‘ra «Arbidol» singari tarkibli preparatlarni («Arpeflyu», «Avirol S» va boshqalarni) davolash tizimiga kiritgandik. O‘sha paytda bemorlar boshqa dorilar ham qabul qilgani sababli viruslarga qarshi dorilarning samaradorligi isbotlanmadi. Ammo eng so‘nggi «COVID-19’ning yengil formasiga chalingan bemorlarni uyda davolash bo‘yicha muvaqqat klinik ko‘rsatmalar»ga ko‘ra, virusga qarshi preparatlar bilan etiotrop davolash tavsiya etilmaydi.

Ayrim dorilar – immunomodulyator preparatlar og‘ir nojo‘ya ta'sirlarga («tsitokin bo‘ron»ga) olib kelishi mumkin. Aynan «Arbidol» singari umifenovir tarkibli ko‘plab preparatlar dorixonalarda bor. Ularni shifokor tavsiyasiga ko‘ra qabul qilish mumkin.

– Geparin dori vositasining ayni kasallikka qarshi kurashda yuqori samaradorligi bo‘yicha ma'lumotlar tarqalmoqda. Bu borada biror xulosa bormi?

Virusning o‘rta va og‘ir shakllariga chalingan bemorlarda biz vaqtinchalik tavsiyalarga ko‘ra vena tromboemboliyasining oldini olish uchun kam miqdorli geparindan foydalanamiz. Chunki virus koagulopatiyani keltirib chiqarishi mumkin.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top