12:02 / 23.07.2020
9756
Xorazmda xavfli retsidivist yana jinoyatga qo‘l o‘rdi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 13 iyul kunidan 14 iyul kuniga o‘tar kechasi soat 02:00da muqaddam sudlangan 30 yoshli D.X. Urganch shahar O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan “Telefonlar markazi” oilaviy korxonasiga kirish eshigidagi qulfini buzib, ichkariga g‘ayriqonuniy ravishda kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u 21 dona turli rusumdagi uyali aloqa vositasi va ikki dona musiqa kuchaytirgich hamda 350.000 so‘m pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, jami 30.000.000 so‘m moddiy zarar yetkazib, hodisa joydan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB 3-son IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov jarayonida D.X.dan jinoiy yo‘l bilan qo‘lga kiritilgan uyali aloqa vositalari ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha D.X. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top