16:14 / 24.07.2020
13499
Ayo Sofiya juma namoziga qanday tayyorlandi? Mozaikalar masalasi qanday hal qilindi?

UNESCO’ning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ayo Sofiya bugun juma namozida musulmonlar uchun ibodati uchun ochildi.

916 yil davomida cherkov, 481 yil davomida masjid va 80 yildan ortiq vaqt davomida muzey sifatida foydalanilgan Ayo Sofiyaning qaytadan musulmonlar ibodati uchun ochilishiga ikki haftadan buyon tayyorgarlik ishlari olib borildi. Chipta kassasini olib tashlash, tarixiy mozaika va suratlar ustini yopish hamda pollarga gilam to‘shash shular jumlasidandir.

Ta'kidlash joizki, ushbu tayyorgarlik doirasidagi ishlar, ayniqsa, mozaikalar masalasi jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otib kelayotgandi. Chunki Islom dinida surat va haykallar ibodat joylariga «farishtalarning kirishi»ga to‘sqinlik qiladi, deb bilinadi.

Mozaikalar namoz paytida parda tizimi bilan yopilishi ma'lum qilindi. Ochilish marosimidagina shunday yo‘l tutiladimi yoki doimiy shunday bo‘ladimi, hozircha noma'lum. Mozaikalar namozdan tashqari vaqtlarda tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘lishi kutilmoqda.

Ayo Sofiya obidasi ichida xristianlik e'tiqodiga ko‘ra muqaddas sanalgan siymolar va Vizantiya imperatorlari tasvirlangan ko‘plab mozaikalar mavjud. Ushbu mozaikalar IX asrning ikkinchi yarmidan boshlab yaratilgani taxmin qilinadi.

Ayo Sofiyadagi mozaikalar va ularning tarixiy ahamiyati haqida Nishontoshi universiteti o‘qituvchisi va Istanbul gidlar palatasi a'zosi doktor Sedat Bornovali BBC nashriga o‘z fikrlarini bayon etdi.

Ayo Sofiyadagi mozaikalar qachon yaratilgan?

«Tarixning eng uzun she'ri – Ayo Sofiya» deb nomlangan kitob muallifi Birnovali VI asrda qurilgan Ayo Sofiyada oltin bilan qoplangan mozaikalar mavjudligi va 16 ming kvadrat metr maydon yuzasi mozaikalar bilan bezatilganini aytdi.

«Ilk mozaikalar figurali bo‘lmagan. Agar shunday bo‘lgan taqdirda ham 726 va 843 yillar orasida «ikonoklast davri» nomi bilan tanilgan bu davrda ular yo‘q qilingan bo‘lsa kerak. Shu bois, bugun tomosha qilinayotgan va xristianlikda muqaddas sanalgan siymolar aks etgan mozaikalarning dastlabkisi 867 yilda yaratilgan, degan fikr mavjud», deydi u.

Bornovali 1453 yilda Istanbul fath etilgandan so‘ng bino masjidga aylantirilgan, ammo mozaikalar uchun hech qanday qoplama ishlatilmaganini ta'kidladi.

XVIII asrda restavratsiya ishlari olib borilgan paytda ushbu mozaikalar mavjud bo‘lmagan. Bornovali buning ehtimoliy sabablari haqida ham gapirdi.

«Buning sababi shundaki, mozaikalar tabiatan chidamli materiallar emas. Ular gips qatlamiga yopishtiriladi, gips esa zilzila paytida to‘kilib tushib, yer bilan bitta bo‘ladi. Demak, mozaikalarning bir qismi to‘kilib tushgan», deydi u.

Bornovalining ta'kidlashicha, Usmonlilar imperiyasi davrida binoni ta'mirlash paytida devorlar gips qilingan va putur yetgan mozaikalar yopib tashlangan.

1847 yil Sulton Abdulmajid buyrug‘i bilan aka-uka Gaspare va Juzeppe Fossati rahbarligi ostida mozaikalar qaytadan ishlangan. Biroq ularning usti yana yopilgan.

1931-1949 yillarda amalga oshirilgan ta'mirlash ishlari natijasida mashhur mozaikalarning yuzasi yana qayta ochilgan.

Ayo Sofiyadagi asosiy mozaikalar qaysilar?

Bornovali Aya Sofiyadagi ba'zi muhim mozaikalarni quyidagicha izohladi:

Bibi Maryam va chaqaloq Iso: Aya Sofiyadagi eng markaziy mozaika. U Apsis (cherkovlarda sharqni ko‘rsatadigan qism) deb nomlangan qism tarkibidan o‘rin egallagan. Ushbu mozaika 867 yilda ikonoklast davri tugashi bilan yaratilgan. Uni qurishda noqulay yuza tufayli texnik qiyinchiliklarga duch kelingan bo‘lishi mumkin.

Diyesis: Xayr-ehson ma'nosini anglatadi, ammo turkiy tillardagi «shafoat» so‘ziga to‘g‘ri keladi. Vizantiya san'atining eng oliy namunasi. O‘rtada hazrati Iso, ikki yonda esa Bibi Maryam va Hazrati Yahyo.

Imperator mozaikasi: Bu Vizantiya imperatorligi tarixi, xususan, o‘sha davr kiyinishga oid masalalarni tadqiq qilish uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi hujjat. Mozaika tasvirida Vizantiya imperatori Leon VI taxtda o‘tirgan Isoga sajda qilmoqda. Yana bir tasvirda esa hazrati Iso Bibi Maryamning bag‘rida tasvirlangan. Chap qo‘lida Ayo Sofiya modelini ko‘rsatayotgan imperator Yustinian, o‘ng tomonda esa Istanbulning maketini ushlab turgan imperator Konstantin I.

Serafim farishtalari: Ular Ayo Sofiya qubbasini qo‘llab-quvvatlovchi va to‘rt kamar ustida turishini ta'minlovchi uchburchakka yaqin egri tekisliklardan joy olishgan. Yer va osmon birlashgan joyda samoviy, ammo muqaddas sanalmagan farishtalar tasvirlangan. Har bir farishtada oltita qanot bor va pastdan qaralsa, gavdalariga nisbatan yuzlari bir muncha kichik ko‘rinadi. Ushbu to‘rt farishtaning ikkitasi to‘kilib tushgan, qolgan ikkitasi esa asl nusxa. Birining yuzi 2010 yilda ochilgan.

Bornovali Ayo Sofiya Istanbul fath qilinishi ortidan masjidga aylantirilgach, sakkizta hattotlik plakasi qo‘shilganini bildirdi. XVII asrning lavhalari mavjud. Ularning eng diqqatga sazovorlarida esa Allohning, Muhammad (s.a.v), uning nabiralari Hasan va Husayn va to‘rt xalifaning ismlari bor.

Pol yuzasini qoplash bo‘yicha nima ishlar qilindi?

Bornovalining aytishicha, Usmonlilar davrida Ayo Sofiyaga ibodat paytida bitta gilam emas, bir nechta qo‘lda to‘qilgan gilamlar to‘shalgan.

Turkiyaning Ayo Sofiyani masjidga aylantirish to‘g‘risidagi so‘nggi qaroridan so‘ng polni gilam bilan bezash ishlari olib borildi.

Sharqiy Rim imperiyasi davrida imperatorlarning toj kiyish marosimidagi taxminan ming yillik «ompalion» to‘shama mozaikasining usti esa gilam bilan qoplandi.

To‘shama mozaikaga zarar yetmasligi uchun gilamning ostiga ikki qavatli kigiz qo‘yildi.

Yangiliklarga ko‘ra, gilam 100 foiz jundan tayyorlangan bo‘lib, uning bir kvadrat metri 5 kilogrammga teng. Gilamning naqsh va rangi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ko‘rsatmasi bilan tanlangan. Shuningdek, u antibakterial xususiyatga ega. Gilamning tuklari bug‘ tizimi yordamida qibla tomonga qarab yo‘naltirilgan.

Top