20:55 / 24.07.2020
15616
Buxoroda 3 nafar kanalizatsiya ustasi is gazidan vafot etdi, yana biri shifoxonaga yotqizildi – Tergov departamenti

IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, Buxoro shahridagi yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya quvurlarini shaharning asosiy kanalizatsiya tizimiga ulash vaqtida 3 nafar erkak is gazidan vafot etgan, yana biri shifoxonaga yotqizilgan.

Qayd etilishicha, 24 iyul kuni «Buxoro maxsus suv qurilish» MChJ xodimlari Buxoro shahrining  Abdurahmon Jomiy ko‘chasida joylashgan yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya quvurlarini shaharning asosiy kanalizatsiya tizimiga ulashayotganda kanalizatsiyadan chiqayotgan gazlardan zaharlanishgan.

45 va 47 yoshli ishchilar quvurlarni montaj qilish jarayonida hushidan ketganini ko‘rgan 27 yoshdagi boshqa bir ishchi ularga yordam berish maqsadida kanalizatsiya quvuriga tushgan. Biroq u ham kanalizatsiyadan chiqayotgan gazlardan zaharlanib hushidan ketgan. Unga yordamga shoshilgan 41 yoshli yana bir ishchi quvur ichiga tushgan,  u ham zaharlanishdan hushidan ketgan.

Tergov departamenti hodisa joyiga yetib borgan mahalliy aholi faqatgina «Buxoro maxsus suv qurilish» MChJ 41 yoshli xodimini qutqarib qolgani, qolgan uch erkak hodisa joyida is gazidan zaharlanib vafot etganini bildirmoqda.

Hayoti saqlab qolingan ishchi ayni paytda shifoxonaga yotqizilgan.

Hodisa joyida tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top