18:12 / 24.07.2020
2273
«Hududiy elektr tarmoqlari» vodiyda elektr muammosi yuzaga kelgani bo‘yicha izoh berdi

Bugun, 24 iyul kuni Kun.uz saytida Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi elektr energiyasi ta'minotidagi holat haqida «Vodiy viloyatlarida yoz kunlarida ham «svet» o‘cha boshladi. Mutasaddilar nima deydi?» sarlavha ostida material e'lon qilingandi.

Unda uch viloyat hududiy elektr tarmoqlari tezkor-dispetcherlik punkti mutasaddilaridan o‘z hududlariga iste'mol uchun berilayotgan jami elektr energiyasining quvvati va aholiga yetkazilishda muammolar bor-yo‘qligi o‘rganilgan.

«Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mazkur maqola bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi.

«Ma'lumki, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan har bir kilovatt elektr energiyasi hisobli va u butun respublika bo‘ylab hududlar kesimida ehtiyojga qarab taqsimlanadi. Bu, albatta, viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonalari ehtiyoji hamda tasdiqlangan elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste'mol qilish balansidan chiqib ketmagan holatda umumlashtiriladi.

Hududlarda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj esa prognoz ko‘rsatkichlarga tayangan holda belgilanib, amalda ularga nisbatan kam yoki ko‘p bo‘lishi mavsum va iqtisodiyot tarmoqlarida bo‘layotgan o‘zgarishlarga bog‘liqdir.

Vodiy viloyatlarining ayrim hududlari, xususan, Namangan viloyatida vujudga kelgan elektr energiyasidagi belgilangan limitdan ortiq iste'mol mavsum bilan bog‘liq bo‘lib, ya'ni havo harorati keskin isib ketishi sababli nasos stansiyalarini uzluksiz ishlashini ta'minlash, shuningdek, pandemiya sharoitida aholi iste'molchilarining uylarida qolishi, qolaversa ayrim tadbirkorlik faoliyatlariga hukumat tomonidan berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z ish faoliyatlarini kengaytirishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj ortishiga sabab bo‘lmoqda.

Buning natijasida «O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari» AJ Markaziy dispetcherlik xizmati tomonidan tasdiqlangan elektr energiyasini ishlab chiqarish va iste'mol balansi asosida ishlab chiqilgan limitlardan oshib ketmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

Shu o‘rinda Namangan viloyati uchun joriy yil iyul oyi uchun belgilangan limit o‘tgan yildaning mos davriga nisbatan 11 mln.kVt.soatga ko‘pligini ham aytib o‘tish lozim.

Shunga qaramay, hozirgi kunda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj bundan ham ko‘p bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Ayni paytda yuzaga kelayotgan ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha hamkor tashkilotlar bilan tegishli choralar qo‘rilmoqda», deyiladi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati tomonidan berilgan ma'lumotda. 

Top