16:18 / 24.07.2020
5364
«Karantin – pauza qilish uchun imkoniyat». Izolyatsiya davrida stressdan himoyalanish bo‘yicha psixolog tavsiyalari

Uzoq davom etayotgan karantin, ish va o‘qish rejimining o‘zgarishi, noodatiy kun tarzi, ish joyi yoki daromad manbayining yo‘qotilishi oqibatidagi moliyaviy qiyinchiliklar kishilarda stress va tushkunlik kayfiyatini keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa koronavirusdan himoyalanishda immunitet mustahkamligi muhim bo‘lgan hozirgi paytda salomatlikni jiddiy xavf ostida qoldiradi.

Foto: Pixabay

Psixologiya fanlari nomzodi, dotsent Nargiza Xalilova stressdan himoyalanishda asqatadigan tavsiyalar bilan bo‘lishdi.

Stress – tananing yoqimsiz va salbiy hodisalarga qarshi reaksiyasi. Hozirgi karantin davrida kelajakning noaniqligi, virus yuqtirib olish vahimasi, moliyaviy qiyinchiliklar, odatdagi turmush tarzining keskin o‘zgarishi, hordiq chiqarish imkoniyatining qisqarishi, doimiy ravishda uy ichida bo‘lish majburiyati, yaqinlar bilan jonli muloqotning cheklanishi kabilar davomiy stressga sabab bo‘ladi. Bunday sharoitda nima qilish kerak?

Harakatlaringizga bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan stress sabablarini aniqlashtiring

Vaziyatni hech qachon to‘liq nazorat qila olmaysiz. Shuning uchun ham imkoniyatingiz doirasida harakatlaning. Siz koronavirusni jilovlay olmasligingiz mumkin, lekin kerakli himoya choralarini ko‘rishga qurbingiz yetadi.

Birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilish kerak – qo‘lingizni tez-tez yuving, antiseptiklardan foydalaning va odamlar bilan aloqa qilmaslikka harakat qiling. Kasallanishning birinchi belgisida nima qilish kerakligi haqida ma'lumotni ko‘rib chiqing. Qo‘lingizdan kelganini qilayotganingizni bilish va anglab yetish sizga xotirjamlik hissini beradi.

Bugungi kun bilan yashang

Kelajak haqida mulohaza yuritmaslikka, boshqalarning kelajakda nima bo‘lishiga oid taxminlariga ishonmaslikka, pul tugab qoldi, deb o‘ylamaslikka harakat qiling. Bularning barchasi nevrozlarga va doimiy stressga olib keladi.

Bezovtalikni his qilsangiz, ushbu mashqni bajaring: atrofingizdagi ranglarga, hidlarga, ta'mlarga e'tibor bering, har bir harakat tafsilotlarini ko‘rib chiqing. Psixologlarning ta'kidlashicha, bu his-tuyg‘ularni boshqarishga yordam beradi.

Kuningizni rejalashtiring

Kundalik tartib karantindan avvalgi davrdagidek bo‘lishi maqsadga muvofiq. Masofaviy ishlayotgan bo‘lsangiz, avvalgidek bir xil vaqtda turing. Sportzalga qatnab yurgan bo‘lsangiz, uyda shu jismoniy mashqlarni bajarish uchun sharoit yarating. Uy tashqarisidagi odatiy o‘yin-kulgilarni sevimli mashg‘ulotingiz bilan almashtiring.

Ma'lumotlarni saralab chiqing

Pandemiya va boshqa mavzulardagi yangiliklarni olish uchun faqat ishonchli manbalardan foydalaning. Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar yozadigan hamma narsaga ishonmang. Yangiliklarni kunda bir mahal tekshiring. Har daqiqada kelgan xabarni qarab chiqish ruhan toliqtiradi.

Hislaringiz haqida gapiring

O‘z qo‘rquvlaringizni yaqinlaringiz bilan baham ko‘ring, hamma tashvishlarni o‘zingizda saqlab yurmang. Xavotirdan xoli bo‘lish o‘zingizni rivojlantirish, yangi narsalarni o‘rganish imkonini beradi. Boshqacha aytganda, karantindan foyda ko‘ring. Karantin bu – pauza qilish, hayot va kelajak rejalari haqida o‘ylash uchun imkoniyat ekanini yodda saqlash kerak.

Uxlang va to‘g‘ri ovqatlaning

Sog‘lom uyqu haqida unutmang. Bir xil vaqtda yoting va turing. Kamida 7 soat uxlang. To‘g‘ri ovqatlanishga harakat qiling va o‘zingiz ovqat pishiring. Ovqatlanish tartibini unutmang. Organizm vaqtida kerakli ozuqani olmasa ham stressga tusha boshlaydi.

Tartibsiz ovqatlanish esa keyinchalik ortiqcha vazn muammosiga va stressga sabab bo‘ladi. Shu o‘rinda spirtli ichimliklardan tiyilish lozim. Alkogol bo‘shashishga yordam berishi asossiz. U beradigan yengillik illyuziya xolos.

Aqliy faoliyat bilan shug‘ullaning

Miya qanchalik yaxshi ishlasa, stressga berilish ehtimoli shunchalik pasayadi yoki nisbatan osonroq kechadi. Har kuni xotira, diqqat va boshqa bilish qobiliyatlarini rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishga harakat qiling. Shuningdek, psixo-emotsional holatni yaxshilashga yordam beradigan onlayn kurslar va mashg‘ulotlar bilan band bo‘lish ham foydaga xizmat qiladi.

Top