00:51 / 24.07.2020
55653
Koronavirus: AQShda o‘lim darajasi ortib bormoqda, dunyo vaksinani kutib yashamoqda

AQShda koronavirusdan vafot etganlar soni yana o‘sib, may oyi oxiridan beri eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Melburnda ko‘chada niqob kiyish majburiy bo‘ldi, BMT kam ta'minlangan odamlar uyda qola olishi uchun ularni bazaviy daromad bilan ta'minlashga chaqirmoqda.

Foto: EPA/Vostock-photo

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda dunyo bo‘yicha kasallanganlarning umumiy soni 15,5 millionga yaqinlashmoqda, 630 mingga yaqin bemor hayotdan ko‘z yumgan, 9 millionga yaqin kishi virusdan tuzalgan.

AQShda yanada ko‘proq o‘lim
O‘tgan kun davomida AQShda koronavirusdan 1126 kishi vafot etdi (21 iyul kuni vafot etganlar soni 1029 nafar edi). Shunday qilib, ushbu mamlakat hududida kunlik o‘lim ko‘rsatkichi 29 maydan beri eng yuqori nuqtaga yetdi. Ammo aprel oyidagi kuniga o‘rtacha ikki ming kishi vafot etishi bilan taqqoslaganda, bu mamlakatdagi qurbonlar soni ancha quyi pog‘onada qolmoqda deb hisoblash mumkin.

Covid-19 tashxisi qo‘yilgan bemorlar soni ham o‘sib bormoqda: o‘tgan kun davomida 70 mingdan ortiq amerikalikda virus aniqlangan, jumladan, shundan 12 mingta holat Kaliforniyada, 9,8 mingdan ortiq holat Texasda va 9,7 ming holat Floridada qayd etildi. 

Shu orada AQSh prezidenti ma'muriyati farmatsevtika giganti Pfizer va BioNTech  nemis biotexnika kompaniyasi Qo‘shma Shtatlar uchun 100 million dozada vaksina ishlab chiqarishini ma'lum qildi. Shartnoma summasi taxminan 2 milliard dollarni tashkil qiladi. 

Hozircha dunyoda foydalanishga tayyor vaksina mavjud emas va Pfizer'ning samaradorligi aniq emas. Ammo agar u xavfsiz bo‘lib, natija bersa, birinchi 100 million doza yil oxiriga qadar tayyor bo‘lishi mumkin. 

Avvalroq, Rossiyaning «R-Farm» kompaniyasi AstraZeneca xalqaro konsernining Oksford universiteti mutaxassislari bilan birgalikda yaratilgan vaksinasini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma imzolaganini e'lon qilgandi.

Vaksina yil oxiridami?
Xitoyning Sinopharm kompaniyasi ishlab chiqarishni va'da qilgan yana bir vaksina yil oxirigacha tayyor bo‘lishi mumkin. Kompaniya rahbari Liu Tszinchjyen CCTV davlat telekanaliga bergan intervyusida sinovning so‘nggi bosqichi yaqin uch oy ichida yakunlanishi mumkinligini aytdi. 

Sinopharm kompaniyasi avvalroq vaksina 2021 yilgacha tayyor bo‘lmasligi ehtimolini ma'lum qilgandi, o‘shanda bunga sabab qilib Xitoyda klinik sinovlarni o‘tkazish uchun bemorlar yetarli emasligi ko‘rsatilgan. 

Ammo hozirda Xitoy kompaniyasi  vaksinaning ikkita shtammini sinash uchun BAAda ko‘ngillilarni topdi. U yerda 15 mingga yaqin odam tadqiqotga jalb etilgan.

Xitoyning yana bir Sinovac Biotech kompaniyasi vaksinani sinashning uchinchi bosqichi uchun braziliyalik ko‘ngillilardan foydalanyapti. 

JSSTning sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi direktori Maykl Rayan tadqiqotchilar koronavirusga qarshi vaksinalar yaratishda salmoqli natijalarga erishgani, biroq ular 2021 yildan ertaroq qo‘llanmasligini ma'lum qilgan.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, «agarda vaziyatga real qaralsa, aholini emlash boshlanganidan keyingi yilning birinchi yarimi keladi». Hozirda bir nechta dori vositasi klinik sinovlardan o‘tkazilmoqda va hozircha ulardan hech biri xavfsizlik nuqtai nazaridan savollarni yuzaga keltirmagan.

JSST vakilining qo‘shimcha qilishicha, tashkilot dori vositalarining adolatli taqsimotini ta'minlash ustida ish olib bormoqda. «Koronavirusga qarshi vaksina boylar yoki kambag‘allar uchun emas — u barcha uchun», degan Rayan.

Bazaviy daromad koronavirusni to‘xtatish usuli sifatida

BMTning «Vaqtinchalik asosiy daromad: rivojlanayotgan mamlakatlarda qashshoq va muhtoj insonlar himoyasi» deb nomlangan hisobotida milliardlab insonlarga pul tarqatish koronavirus tarqalishini sekinlashtirishi bildirildi.

Unga ko‘ra aholining eng kambag‘al qatlamini bazaviy daromad bilan ta'minlash koronavirus tarqalishining oldini olishning samarali usuli bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Tashkilot hisob-kitoblariga ko‘ra, rivojlanayotgan 132 mamlakatdagi 2,7 milliard odam yashab qolish uchun davlatdan pul olsa, uyda qolishi mumkin. Ushbu chora vaqtinchalik bo‘lishi kerak. 

«Misli ko‘rilmagan davr misli ko‘rilmagan ijtimoiy va iqtisodiy choralarni talab qilmoqda. Kam ta'minlanganlar uchun vaqtinchalik bazaviy daromadlarni kiritish najot yo‘llaridan biri bo‘lishi mumkin. Yordam va tiklanish rejalari katta bozorlar va yirik biznes bilan cheklanib qola olmaydi», deydi BMT Taraqqiyot dasturi rahbari Axim Shtayner.

Dastur oyiga 199 milliard dollarga tushadi, deb baholanmoqda.

Angliyada futbol paradlari
Angliyaning «Liverpul» futbol klubi muxlislari Premer-ligada so‘nggi 30 yildagi birinchi g‘alabani nishonlashdi. Politsiya muxlislardan «Enfild» stadioni tashqarisida to‘planmaslikni so‘radi, ammo ular bu maslahatga amal qilishmadi. Chorshanba kuni kechqurun minglab ishqibozlar shahar ko‘chalariga va jamoa chempionlik kubogini qo‘lga kiritgan stadionga chiqishdi.

Politsiya ijtimoiy masofalanish qoidalariga rioya qilishga va ommaviy aksiyalar o‘tkazmaslikka chaqirdi. Ammo «Enfild» atrofida 3000ga yaqin muxlis to‘plandi va ularni tarqatib yuborishga to‘g‘ri keldi. To‘qqiz kishi turli xil huquqbuzarliklar, shu jumladan mast holatda janjal, avtomobilni alkogol va giyohvand moddalar ta'siri ostida haydashda ayblanib hibsga olingan. 
Lidsda muxlislarning yana bir paradi bo‘lib o‘tdi, u yerda «Lids Yunayted» Angliya futbolining ikkinchi eng muhim divizioni bo‘lgan Chempionshipdagi g‘alabasini nishonladi. 
Klub mutasaddilari muxlislarni uyda qolishga undashlariga qaramay, shahar markazida minglab odamlar to‘plandi va ular oldida futbolchilar chiqqan ochiq avtobus qisqa vaqtga ko‘rinish berdi.

Boshqa voqealar
Polshada so‘nggi bir kunda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 418ta yangi holat qayd etildi, bu bir oydan ko‘proq vaqt ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Hozirgacha bu mamlakatda 41,5 mingta shikastlanish va 1,6 mingdan ortiq o‘lim qayd etilgan. 

Kashmirning Hindiston qismi virusga chalinish holatlari keskin ko‘payishi va qishloq tabobatining epidemiyaga qarshi kurasha olmasligi sababli qat'iy karantinga olindi. 

Hongkongda ham yangi holatlar soni ortmoqda - oxirgi 24 soat ichida 118 kishida virus chiqqan. 

Melburnda uydan tashqarida niqob kiyish majburiy bo‘ldi. Shahar yana olti hafta karantinda qoladi. O‘tgan kun davomida Avstraliyaning Viktoriya shtatida 400dan ortiq yangi holat aniqlangan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top